Termiz davlat universiteti rektori, professor Avazjon Maraximov O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo rektorlar konferensiyasi va Hukumatlararo komissiyaning Ilm-fan va ta’lim bo‘yicha quyi komissiyaning yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib qaytdi.
Sankt-Peterburg davlat universitetining Menedjment oliy maktabida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo rektorlar konferensiyasi”da mamlakatimizdan 16 ta va Rossiya tomonidan esa 30ga yaqin oliy o‘quv yurtlari rektor va prorektorlari ishtirok etishdi.
Tadbirning yalpi majlisida ikki mamlakat vakillari chiqishida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining jahon ta’lim makoniga integratsiyalashuvi, Rossiya universitetlari bilan hamkorlik strategiyasi, qo‘shma loyihalari yaratilishi va ularning muvaffaqiyatlari mavzularida aloqalarning muhim jihatlari qayd etildi. Ishtirokchilar ma’ruzalar davomida konferensiyaning ahamiyatiga to‘xtalib, hozirgi kunda butun dunyo oliy ta’limidagi vaziyat o‘zgarib borayotganligini, raqamli transformatsiya, shu jumladan, GPT kabi sun’iy intellektning tez sur’atlar bilan rivojlanayotgani bois oliy ta’lim muassasalarining faoliyati o‘zgarishi muqarrarligini aytib o‘tdilar.
Konferensiya o‘z ishini uchta: Yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun ta’lim: yetakchi muhandislik maktablarini tashkil etish tajribasi”, Tibbiyot, farmasevtika va bioinjeneriya sohasida kadrlar tayyorlashda universitetlararo hamkorlikni kengaytirish”, Pedagok kadrlar tayyorlashda eng yaxshi amaliyotlar” sho‘balarida davom ettirildi.
Mazkur konferensiyada Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Maraximov "O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy jihatlari" mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Konferensiyaning dastlabki kunida Sankt-Peterburg davlat universiteti, A.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, A.L.Shtiglits nomidagi Sankt-Peterburg davlat san’at va sanoat akademiyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum doirasida ushbu oliy ta’lim muassasalari va Termiz davlat universiteti o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va talabalarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, turli ekspeditsiya, konferensiya va tadbirlarni tashkil etish nazarda tutilgan. Sankt-Peterburg politexnika universiteti kadrlar tayyorlash hamda tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha Rossiyadagi texnika oliygohlari reytingida yetakchi o‘rinni egallab keladi. 2021-yilda universitet “Ustuvorlik-2030” Federal strategik dasturining “Tadqiqot yetakchiligi” yo‘nalishida birinchi g‘oliblar guruhiga kiritildi. Bugungi kunda 17 ta mutaxassislik bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari, 59 ta yo‘nalish bo‘yicha bakalavr, 57 ta yo‘nalish bo‘yicha magistrlar, 24 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘qituvchi-tadqiqotchilar tayyorlaydi. Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo rektorlar konferensiyasi doirasidagi uchrashuvlarning navbatdagisi ushbu ta’lim dargohida bo‘lib o‘tdi. Termiz davlat universiteti delegatsiyasi mazkur universitetda yaratilgan laboratoriya, kutubxona, uzoq yillik tarixga ega muzey faoliyati, ilmiy-tadqiqot loyihalari bilan tanishdi. Shundan so‘ng, ikki universitet o‘rtasida memorandum imzolandi.
Kelishuv doirasida Sankt-Peterburg politexnika universiteti va Termiz davlat universiteti o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va talabalarning akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, konferensiya va tadbirlarni tashkil etish belgilangan. Bir soʻz bilan aytganda, konferensiya doirasida o’tkazilgan mazkur uchrashuvlar oliy taʼlim tizimida ilmiy salohiyat va taʼlim sifatining oʻsishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.