Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Riyoz Savdo palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni qishloq xoʻjaligi sohasidagi biznes forumi” savdo-iqtisodiy va investitsion qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida yana-da kengaytirishga qaratildi.

Ushbu biznes-forumda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adxam Ikramov, Riyoz Savdo palatasi raisi oʻrinbosari Naif Al Radji, shuningdek, Namangan va Xorazm viloyati investitsiya va tashqi savdo boʻyicha hokim oʻrinbosarlari, ikki davlatning masʼul vazirlik va idora vakillari, hamda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida Oʻzbekiston tomonidan 30 dan ortiq, Saudiya Arabiston tomonidan 20 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.

Maʼlumki, soʻnggi 2-3 yil ichida Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasida ayniqsa, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va diniy hamkorlik aloqalari har tomonlama rivojlanib boryapti.

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil fevral oyida oʻrnatilgan.

Ikki davlat savdo aylanmasining hajmi joriy yilning 9 oyida 23,5 million dollarga teng boʻlib, bunda eksport hajmi – 0,4 million dollar va import hajmi – 23,1 million dollarni tashkil etgan.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Saudiya Arabistoni investorlari ishtirokida 14 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda va ularning 4 tasi 100 % Saudiya kapitali asosida faoliyat yuritadi.

Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasida qator biznes delegatsiyalarning tashriflari amalga oshirildi. Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishida ishbilarmon doiralarining ham hissasi katta.

Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni bozoriga oziq-ovqat, yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga tayyordir, deb xabar beradi Savdo sanoat palatasi matbuot xizmati.