Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vazirligi homiyligida tashkil etilgan mazkur koʻrgazmada ushbu davlatda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlarning turizm ofislari vakillari hamda mahalliy turizm kompaniyalari qatnashmoqda. Tadbir Janubiy Koreya xalqaro koʻrgazmalar markazida (“KINTEX”) boʻlib oʻtmoqda.

Koʻrgazma pavilyonida Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan milliy stend tashkil etildi. Unda mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oʻzida aks ettiruvchi fotosuratlar, hunarmandchilik, zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, ipak mahsulotlari va sopol buyumlari hamda boshqa xalq amaliy ijodi namunalari namoyish etilmoqda.

Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekistonning diqqatga sazovor turizm marshrutlari, YUNESKO madaniy merosi roʻyxatidan joy olgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarning qadimiy arxitektura yodgorliklari, zamonaviy koʻngilochar maskanlari, respublikaning turli viloyatlaridagi turizm obyektlari hamda oʻzbek xalqining urf-odatlari, milliy taomlari, sanʼati va boy madaniy meʼrosini oʻzida aks ettiruvchi videomateriallar taqdimoti oʻtkazilyapti.

Bundan tashqari, xorijliklarga turizmning ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, sport, sanoat, ishbilarmonlik, bolalar, yoshlar va oilaviy kabi yangi turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida maʼlumot berilmoqda.

“Dunyo” AA muxbiri qayd etganidek, koʻrgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar Oʻzbekiston stendi bilan tanishar ekan, yurtimizning sayyohlik salohiyatini yuqori baholamoqda. Qatnashchilarga koreys tilida chop etilgan Oʻzbekiston turizm imkoniyatlari toʻgʻrisidagi bukletlar va boshqa tarqatma materiallar taqdim etilmoqda.

Xalqaro koʻrgazma tashkilotchilari va qatnashchilar fikriga koʻra, mazkur tadbirda ishtirok etish koreych jamoatchiligi koʻz oʻngida turizm jozibadorligi yildan yilga oshib borayotgan Oʻzbekiston uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi va epidemiologik vaziyat barqarorlashib, kelgusida sayyohlik mavsumi tiklangach, mamlakatga xorijiy sayyohlar oqimining koʻpayishiga hissa qoʻshadi.