Mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zarur sharoitlar yaratish, bu orqali, avvalo, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilarni tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda

Bu borada ushbu yoʻnalishdagi eng nufuzli musobaqa — olimpiya oʻyinlarida sportchilarimizning munosib ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-noyabrdagi “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII Yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturulamal boʻlmoqda.

Bugungi kunda mazkur qaror hamda davlatimiz rahbarining XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida 2024-yilda boʻlib oʻtadigan musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Qoʻmitada soha masʼullari, faxriy sportchilar, olimpiada gʻoliblari, sport jamoatchiligi vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbirda ayni jihatlar alohida taʼkidlandi.

Tadbir avvalida Milliy olimpiya qoʻmitasining 30 yillik faoliyatiga bagʻishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Shundan keyin qoʻmita rahbari Rustam Shoabdurahmonov yigʻilganlarni bayram bilan tabrikladi.

— Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi soʻnggi yillarda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi, Osiyo Olimpiya kengashi va qator xalqaro sport federatsiyalari hamda tashkilotlar bilan oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kunda sport va sogʻlomlashtirish jarayonlarining natijadorligi yangi Oʻzbekistonni barpo etish vazifalari bilan uzviy bogʻliq ekanini anglagan holda temir intizom bilan harakat qilishimiz lozim, — dedi u jumladan.

Tadbirda faxriy sportchilar va sport jamoatchiligi vakillari bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan Olimpiya harakati rivojiga koʻrsatilayotgan eʼtibor, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, Olimpiya oʻyinlarining ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi 1992-yil 21-yanvar kuni tashkil etilgan. 30 yillik olimpiya harakatini rivojlantirish davomida yuksak natijalarga erishildi. Jumladan, yurtimiz sportchilari 1996-yil Atlanta (AQSH), 2000-yil Sidney (Avstraliya), 2004-yil Afina (Gretsiya), 2008-yil Pekin (Xitoy), 2012-yil London (Buyuk Britaniya), 2016-yil Rio-de-Janeyro (Braziliya) va 2021-yil Tokio (Yaponiya) shaharlarida oʻtgan yozgi, shuningdek, qishki olimpiya oʻyinlarida ham yuksak gʻalabalarga erishib, Vatanimiz bayrogʻini jahon maydonlari uzra yuksaltirdi.

— Afsuski, hozirgi vaqtda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat sabab Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi tashkil etilganining 30 yilligi bayramini katta hajmda oʻtkaza olmayapmiz. Epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi, Osiyo Olimpiya kengashi va boshqa yirik xalqaro sport tashkilotlarining vakillari ishtirokida mazkur bayramni oʻzgacha shukuhda nishonlashni rejalashtirganmiz, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov. — Prezidentimizning Olimpiya harakatini qoʻllab-quvvatlashga qaratayotgan eʼtiborlari barchangizga maʼlum. Yaqinda Oksana Chusovitina, Bahodir Jalolov kabi sportchilarimiz sharafiga ularning mahorat maktablari ochiladi. Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirish uchun katta baza yaratilmoqda. Bu Oʻzbekiston sportining shonli tarixida yangi davr — yangidan-yangi tarixiy gʻalabalarga zamin yaratadi.

Tadbir doirasida uzoq yillar mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi, olimpizm gʻoyalari targʻibotida faoliyat olib borgan mutaxassislar, sport federatsiya va assotsiatsiyalariga Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining esdalik sovgʻalari taqdim etildi.