Oʻzbekiston sudlari qarorlarida BMT shartnomalari normalarining qoʻllanilishi oʻrganilyapti

    Mamlakatimizda 22 Sentabr 2020 1015

    22-sentyabr kuni poytaxtimizda Toshkent shahri,Toshkent va Sirdaryoviloyatlarimaʼmuriy sudlari, jinoyat va fuqarolik ishlari boʻyicha sudlari sudyalari uchun “Oʻzbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalari normalarining qoʻllanilishi” mavzuidagi amaliy seminar boshlandi.

    Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik” qoʻshma loyihasi doirasida hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda tashkil etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Komilov, AQSHning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi D. Rozenblyum, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi J. MakGregor va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili M. Dimovska anjuman ishtirokchilarini qutlab, sudlar tomonidan inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalar normalarining qoʻllanilishi odil sudlovni taʼminlashda juda muhim masala hisoblanishini taʼkidladilar.

    Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda inson huquqlarini ragʻbatlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlash sohasida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.

    Inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qoʻllash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari milliy qonunchilikda oʻz aksini topmoqda.

    Shuningdek, respublikamizda inson huquqlari sohasida amaldagi holatni oʻrganish natijalari, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari, Oʻzbekistonga tashrif buyurgan BMTning maxsus maʼruzachilari, Universal davriy hisobot va boshqa xalqaro mexanizmlar doirasida berilgan tavsiyalarning tizimli tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlash maqsadida sohada demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va izchil davom ettirish talab etiladi.

    Jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalar normalarini qoʻllash amaliyotini yana-da kengaytirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslar huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish tizimini takomillashtirish lozim hisoblanadi.

    Shu nuqtayi nazardan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlari qilib, xalqaro huquq prinsiplari, normalari hamda Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalari sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qoʻllanilishi, xalqaro huquq ustuvorligi prinsipini amalga oshirishning samarali mexanizmini yaratish; sudlarning mustaqilligini va xolisligini taʼminlash maqsadida sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish hamda “Xabeas korpus” institutini yana-da takomillashtirish yoʻli bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashda sud hokimiyatining rolini oshirish masalalari belgilangan.

    Hozirgi kunda, Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalar normalarining qoʻllanilishi boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Oʻzbekistonda, dunyoning boshqa davlatlarida boʻlgani kabi, sudyalar inson huquqlari himoyasining kafilidir. Ular fuqarolar oldida hisobdor boʻlib, tegishli milliy va xalqaro qonunchilik talablari, shuningdek axloq-adob mezonlari asosida oʻz faoliyatida yuksak darajadagi shaffoflikni taʼminlashga majbur.

    Seminar ochilishida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni talablariga koʻra, sud inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalar normalarining sudlar amaliyotida qoʻllanilishini yana-da kengaytirishga qaratilgan barcha zarur choralarni koʻrishi lozim.

    Soʻzga chiqqanlar milliy sudlar tomonidan BMT konvensiyalari normalarini sud hujjatlarida qoʻllashga doir samarali mexanizmning joriy etilishi, oʻz navbatida, sud tizimi mustaqilligini yana-da mustahkamlash va sud hokimiyati nufuzini oshirishga xizmat qiladi, degan yakdil fikrni bildirdilar.

    Bu, shuningdek “Sudyalar xulqiga oid Bangalor prinsiplari”ni amalda tatbiq etishda oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mazkur xalqaro-huquqiy hujjatga muvofiq, xalqaro qonunchilikdagi, jumladan, xalqaro konvensiyalar va inson huquqlariga taalluqli normalar belgilangan boshqa hujjatlardagi tegishli oʻzgarishlardan sudyalarning oʻz vaqtida xabardor boʻlishi – ular oʻz faoliyatini talab darajasida amalga oshirishining zarur shartlaridan hisoblanadi.

    Uch kun davom etadigan amaliy seminarda asosiy maʼruzalar BMT Taraqqiyot dasturi eksperti, inson huquqlari boʻyicha xalqaro maslahatchi Aleksandr Vashkevich va BMT Qiynoqlarga qarshi qoʻmitasi aʼzosi Georgiy Tugushi tomonidan taqdim etiladi. Maʼruzachilar odil sudlovni amalga oshirishning xalqaro meʼyorlarining qisqacha tasnifini beradilar. A. Vashkevich va G. Tugushi Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalar normalarining qoʻllash zarurati haqida toʻxtalib, xususan, Qiynoqlarga qarshi konvensiya qoidalarini milliy sudlar qarorlarida qoʻllash boʻyicha chet el tajribasi bilan oʻrtoqlashadilar. Sudlar tomonidan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya normalarini qoʻllash amaliyoti ham seminar kun tartibida oʻrin olgan.

    Ekspertlar moderatorligida sudyalar uchun uchta guruhda “case study” texnologiyasi asosida amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Mashgʻulotlar yakunida sudyalardan tashkil topgan guruhlar “Ruxsat etilmagan tinch yigʻilishlar”, “Jinoiy jazoni oʻtagan chet el fuqarosini davlatdan chiqarib yuborish” va “Jinsga asoslangan bilvosita kamsitish” mavzulari boʻyicha oʻz taqdimotlarini namoyish etadilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Oliy sudi matbuot xizmati