Oʻzbekiston tashabbuslari milliy manfaatlar va umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligining yorqin ifodasi

    Suhbat 2 Mart 2021 8675

    Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod ASADOVning “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga eksklyuziv intervyusi

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, universal xal­­qaro tuzilma hisoblanadi. Oʻzbekiston 1992-yilning 2-martida tashkilotning teng huquqli aʼzosiga aylandi. Aytish joizki, keyingi yillarda mamlakatimizning BMT bilan munosabatlari butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.

    Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan ochiq va manfaatli tashqi siyosat muhim ahamiyat kasb etyapti. Pirovardida respublikamiz xalqaro hamjamiyat orasida bir qancha dolzarb va global masalalarda pragmatik qarashlarni ilgari surib, ularni roʻyobga chiqarishda oʻziga xos model yaratdi.

    — Soʻnggi yillarda davlatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligi yana-da mustahkamlanib, kundan-kunga faollashib bormoqda. Aytingchi, oʻzaro munosabatlarimizning qaysi jihatlarini alohida qayd etgan boʻlardingiz?

    — Darhaqiqat, bugungi kunda ­Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi ­munosabatlar yangi maʼno-mazmun kasb etib, rivojlanib bormoqda. ­Mamlakatimiz 1992-yil 2-martda tuzilmaga aʼzo boʻlgan boʻlsa, 1993-yilda Toshkentda BMTning vakolatxonasi oʻz faoliyatini boshladi. Shundan buyon respublikamiz BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan samarali hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.

    Respublikamizning BMT doirasidagi koʻptomonlama hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari sifatida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka boʻlgan tahdidlar, shuningdek, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish, qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash hamda uning iqtisodiyotini tiklashga koʻmaklashish, qurolsizlanish va ­ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik, ekologik, jumladan, Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq muammolarni hal etish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy, jumladan, turizmning rivojlanishini taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda uni qoʻllab-quvvatlash kabilarni sanab oʻtish mumkin.

    Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi qariyb 30 yillik hamkorlik aloqalari tarixida soʻnggi toʻrt yil alohida oʻrin tutadi. Chunki ushbu davrda mazkur tashkilot bilan oʻzaro munosabatlarimiz sifat va miqyos jihatidan mutlaqo yangi pogʻonaga koʻtarilishi taʼminlandi. Chunonchi, har
    ikkala tomon oʻrtasidagi oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot sezilarli jadallashdi.
    Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasi va uning ixtisoslashgan muassasalari ishida birmuncha faol ishtirok eta boshladi.

    2017-yilning iyun oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakatimizga rasmiy tashrif buyurib, Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev bilan uchrashdi. Shundan soʻng har ikkala tomon oʻrtasidagi siyosiy muloqot muntazam tus olib, Oʻzbekiston rahbari BMT Bosh kotibi bilan 2017-yilning sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyada va 2019-yilning aprel oyida Xitoyning Pekin shahrida boʻlib oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumida ishtiroki doirasida ham uchrashuvlar oʻtkazib, oʻzaro hamkorlikning holati va istiqbollariga oid keng miqyosli masalalarni muhokama qildi.

    Oliy darajada oʻtkazilgan uchrashuvlar va oʻzaro hamkorlik aloqalarida oʻzaro ishonch va iliq munosabatlar muhitining tobora kuchayib borishining natijasi oʻlaroq, Oʻzbekiston BMT faoliyatining turli sohalaridagi jarayonlarning old qatnashchilaridan biriga aylandi. Bu esa mamlakatimizning tashkilotga aʼzo boʻlgan mamlakatlar bilan oʻzaro aloqalariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash maqsadida 2020-yilning iyun oyida BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi va uning ijrosi izchil taʼminlanmoqda. Mazkur hujjat Oʻzbekiston tashabbuslarini ilgari surish, mamlakatimiz va uning vakillarini BMTning saylov organlarida aʼzoligini taʼminlash, siyosiy-diplomatik tadbirlarni va respublikamizning xalqaro maydondagi imijini oshirishga qaratilgan keng miqyosli xalqaro faoliyatni nazarda tutadi.

    Oʻzbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va “2030-yilgacha davrdagi kun tartibi”da koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish borasida izchil saʼy-harakatlarni olib bormoqda. 2020-yil 15-iyulda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining yuqori darajadagi siyosiy forumi doirasida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishi boʻyicha Oʻzbekistonning Birinchi ixtiyoriy milliy maʼruzasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. ­Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar va videomateriallar BMT va aʼzo davlatlar tomonidan yuqori baholandi.

    Shu bois, BMT Oʻzbekistonni jamiyatning turli sohalarida islohotlarni ogʻishmay amalga oshirayotgan va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng faol aʼzo davlat sifatida tan olmoqda. BMT Bosh kotibi A.Guterrish bugungi kunda sayyoramizning turli mintaqalarida millatlararo kelishmovchilik va bir-birini tushunmaslik oqibatida har xil nizolar kelib chiqayotgani, bunday noxush holatlar nainki oʻsha millatlar, balki dunyo xalqlari birdamligi, xavfsizligiga tahdid solayotganini bir necha bor taʼkidlagan. U ana shunday murakkab sharoitda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining ahil-inoq, hamjihat hayot kechirayotgani, bunda mahalla instituti muhim oʻrin tutayotgani tahsinga sazovor ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan. Tashkilot Bosh kotibining taʼkidlashicha, Oʻzbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va bagʻrikenglik muhiti BMTning asosiy maqsad va tamoyillariga toʻla mos keladi.

    Shuningdek, BMT rahbari Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini taʼminlashda alohida ahamiyatga ega oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini bir necha bor tasdiqladi. Bundan tashqari, A.Guterrish davlatimiz rahbari tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afgʻonistonni qayta tiklashga koʻmaklashish boʻyicha koʻrilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholamoqda.

    — Sherzod Ikromovich, Oʻzbekiston oʻz ovozi va mavqeiga ega boʻlgan aʼzo sifatida BMT oldiga muhim va dolzarb masalalarni qoʻyib kelmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqi mamlakatimiz va BMT hamkorligining yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur tarixiy nutqda koʻtarilgan masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida toʻxtalsangiz?

    — Oʻzbekiston Prezidentining tashqi siyosiy tashabbuslari mamlakatimizni xalqaro maydonda yana-da kengroq tanitish, uning umumjahon jarayonlaridagi tutgan oʻrnini kuchaytirish borasidagi muhim omil boʻlib hisoblanadi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, soʻnggi toʻrt yil mobaynida Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyat doirasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surib, dunyo maydonidagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi ekanini yaqqol isbotladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtiroki mamlakatimizning global miqyosda dolzarb tashabbuslarni ilgari surish borasidagi faoliyatida yangi bosqichni boshlab bergani, shubhasiz.

    BMT Bosh Assambleyasining mazkur sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan qator xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlgan muhim tashabbuslar ilgari surildi. Bular — Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish va shu orqali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq muammolarni hal etish, Afgʻoniston muammosi boʻyicha Toshkent anjumanini oʻtkazish orqali tomonlar oʻrtasidagi muloqotga koʻmaklashish va Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash, maʼrifat va diniy bagʻrikenglik haqidagi BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini hamda Yoshlar huquqlari haqidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish kabilardir.

    Dunyo miqyosida ilgari surilgan juda koʻp sonli tashabbuslardan farqli ravishda, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslari oʻzining amaliyligi va jamiyatning turli jabhalarida oʻz tatbiqini topayotgani bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarining birinchisi 2018-yilda Nur-Sultonda, ikkinchisi 2019-yil noyabrda Toshkentda boʻlib oʻtgani va uchinchi uchrashuvni Bishkekda oʻtkazish rejalashtirilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.

    Bundan tashqari, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida qator xalqaro va mintaqaviy xarakterga ega boʻlgan maxsus rezolyutsiyalar qabul qilindi va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

    Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda markaziy geografik oʻrinni egallaydi va mintaqadagi har bir jarayonning muvaffaqiyatli rivojida mamlakatimizning ishtiroki beqiyosdir. Ana shunga mos ravishda, Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi sifatida BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” boʻyicha rezolyutsiya 2018-yil 22-iyunda qabul qilindi.

    Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro doʻstona qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan oqilona va izchil tashqi siyosatning jahon hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

    Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yana bir tashabbus asosida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik haqida”gi rezolyutsiyani BMT Bosh Assambleyasi 2018-yil 12-dekabrda tasdiqladi. Ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi Prezidentimiz tomonidan diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash borasida ilgari surilgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyilining amaliy ifodasi va bu boradagi Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini dunyo miqyosida keng qoʻllab-quvvatlanishi demakdir.

    Koʻrsatib oʻtilgan rezolyutsiyalar nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki koʻp sonli BMTga aʼzo hamkor davlatlar ishtirokida ishlab chiqildi va qabul qilindi. Jumladan, ularning qabul qilinishida dunyoning 50 dan ortiq mamlakati hammuallif sifatida ishtirok etgan.

    Shuningdek, Afgʻoniston muammosini hal etish boʻyicha, xabaringiz bor, 2018-yilning 27-martida Oʻzbekiston tashabbusi bilan xalqaro konferensiya tashkil etilib, “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilindi. Oʻzbekiston Afgʻonistonda tinchlikka erishish va mazkur mamlakat iqtisodiyotini tiklash boʻyicha xalqaro va mintaqaviy saʼy-harakatlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

    Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, BMT Bosh kotibi A.Guterrish Oʻzbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi nutqi nihoyatda mazmundor boʻlganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, u davlatimiz rahbarining BMT yuksak minbaridan turib bildirgan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekanini aytib, ularni xalqaro maydonda ilgari surishga koʻmaklashishga tayyorligini qayd etdi.

    — Oʻtgan yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan koʻplab muhim tashabbuslar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslarni xalqaro jamoatchilik qanday eʼtirof etmoqda?

    — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 23-sentyabrida BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasining umumiy munozaralarida ishtirok etib, ushbu nufuzli tashkilot minbaridan davlat tilida nutq soʻzladi. Sessiyada Yurtboshimiz tomonidan xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini taʼminlashga oid 12 ta xalqaro tashabbus va takliflar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslarning qamrovi va miqyosi juda keng, ular nafaqat milliy yoki mintaqaviy, balki butun jahon hamjamiyati manfaatlarini oʻzida aks ettiradi.

    Alohida qayd etib oʻtish lozim, davlatimiz rahbarining barcha tashabbus va takliflari jahon hamjamiyati tomonidan iliq qabul qilindi va qoʻllab-quvvatlandi.

    Misol uchun, pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi BMT xalqaro kodeksi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha tashabbus ilk bor Prezidentimiz tomonidan 2020-yilning 8-iyulida Jeneva shahrida dunyoning 80 dan ortiq mamlakati davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat sohasida COVID-19ga qarshi kurashish masalalari boʻyicha global virtual sammiti ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatnomasida ilgari surilgan edi. ­Eʼtiborlisi, mazkur tashabbusni Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti qoʻllab-quvvatladi hamda uni amalga joriy etish boʻyicha faol saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

    Oʻzbekiston pandemiyaga qarshi samarali kurashish, jumladan, zarur dori-darmon hamda vaksinalar ishlab chiqish va ulardan keng foydalanishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash borasida izchil harakatlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va unga aʼzo mamlakatlarning qator kompaniyalari bilan aholini COVID-19 ga qarshi emlash boʻyicha amaliy muzokaralar olib borilmoqda.

    Oʻzbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha tashkiloti (FAO)ning 2020-yil 2-4-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan Yevropa uchun Mintaqaviy anjumani 32-sessiyasi davomida BMT Bosh kotibining 2021-yilda Oziq-ovqat tizimlari boʻyicha global sammitni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi. Hozirgi vaqtda BMT tomonidan ushbu muhim tadbirni oʻtkazish sanasi va tashkiliy masalalari boʻyicha aʼzo davlatlar bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda.

    Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan 2021-yilda BMT Global antiterror strategiyasi mintaqaviy Qoʻshma rejasining 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro anjumanni Oʻzbekistonda oʻtkazish tashabbusi BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Mazkur anjumanni joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazish boʻyicha BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi bilan oʻzaro kelishuvga erishildi.

    2021-yil Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumini tashkil qilish tashabbusi mazkur tashkilot Bosh direktori Odri Azule tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Hozirda mazkur tadbirni oʻtkazishning aniq sanalari va tartibi, ishtirokchilar roʻyxatini shakllantirish jarayoni YUNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

    BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha hozirgi vaqtda BMTga aʼzo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan faol muzokaralar olib borilmoqda. Mazkur hujjatni 2021-yil davomida qabul qilish moʻljallanmoqda.

    Taʼkidlab oʻtish joizki, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarini oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha idoralararo “Yoʻl xaritasi” tuzilib, uning barcha bandlari hozirgi vaqtda tegishli tashkilot va idoralar tomonidan oʻz vaqtida bajarilmoqda.

    — 2020-yil Oʻzbekiston oʻz tarixida ilk bor BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi etib saylandi. Bu, shubhasiz, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti, tashqi siyosati va inson huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ulkan saʼy-harakatlarning tan olinishi va eʼtirof etilishi boʻldi. Mazkur siyosiy tuzilmaga aʼzo boʻlishning ahamiyati nimalarda koʻrinadi?

    — Barchamizga maʼlumki, joriy yilning 22-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbarining tarixiy nutqi — yangi Oʻzbekistonning ham ichki, ham tashqi siyosatidagi muhim tarixiy voqea ekanligi, shubhasiz. Zero, toʻrt yil ichida bir vaqtlari Inson huquqlari kengashi eng koʻp tanqid qiladigan davlatdan ushbu tuzilmaning toʻlaqonli aʼzosi boʻlish va shu bilan birga, boshqa mamlakatlarning inson huquqlari borasidagi siyosatiga baho bera oladigan mavqega ega boʻlish — bu juda katta siyosiy irodadan dalolat beradi.

    Birinchidan, bu voqelikning mohiyatini chuqurroq tahlil etsak, Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari kengashiga saylanishi va davlatimiz rahbarining yuqori darajadagi segment ishida ishtiroki — oxirgi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan “ortga qaytmas” oʻzgarishlar va yangilanishlarning jahon hamjamiyati tomonidan, nafaqat yuqori baholanishi, balki tan olinishining tasdigʻidir.

    Ikkinchidan, Prezidentimiz nutqini yangi Oʻzbekistonning oʻziga xos “Inson huquqlarini himoya qilish doktrinasi” deb baholashimiz mumkin. Chunki nutqda insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash Oʻzbekistondagi islohotlarda eng muhim oʻrinda turishi alohida qayd etildi.

    Davlatimiz rahbari oʻz chiqishida ­Oʻzbekistonda inson huquqlari borasida aniq strategiya borligini koʻrsatib berdi. Yaʼni, har bir masala va muammoni tizimli yechish boʻyicha reja mavjudligi koʻrsatildi. Bunga bir misol sifatida, Prezidentimiz mandatga ega boʻlgan barcha vakillarning Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi. Bu Yurtboshimizning yuksak siyosiy irodasini yana bir bor namoyon qildi.

    Davlat rahbari oʻz nutqida mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiq qolishini alohida taʼkidladi. Shu bilan bir vaqtda, bu sohada aynan Oʻzbekiston uchun ustuvor sanalgan vazifalarni aytib oʻtdi:

    — gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirish;

    — alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash;

    — aholimizning yarmidan koʻpini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish;

    — qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish;

    — fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish, Oʻzbekistonda soʻz erkinligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash.

    Uchinchidan, inson huquqlari va erkinlarini himoya qilishda Oʻzbekiston xalqaro jarayonlarning bevosita ishtirokchisi sifatida maydonga chiqdi. “Yangi Oʻzbekiston”ni bunyod etish yoʻlida islohotchilik siyosatining boshlanishiga koʻp vaqt oʻtmaganiga qaramasdan, mamlakatimiz xalqaro jarayonlarni “kuzatuvchi” davlatdan bu jarayonlar kun tartibini belgilab beruvchi davlatga aylandi.

    Tashqi ishlar vazirligi vakili sifatida yana shuni taʼkidlamoqchi edimki, mamlakatimizning BMT Inson huquqlari kengashi faoliyatida toʻlaqonli aʼzo sifatida ishtirok etishi — bu oʻzbek diplomatiya maktabini yana-da kuchaytirish uchun katta imkoniyat hamdir. Buni tizimdagi hamkasblarimiz bilan iftixor va masʼuliyat sifatida qabul qilyapmiz.

    Mamlakatimiz ilk bor Inson huquqlari Kengashiga aʼzo boʻlishiga qaramay, uning faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Bu borada katta tayyorgarlik ishlari olib borilib, Oʻzbekistonning 2021-2023-yillarda Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi sifatida oʻz oldidagi ixtiyoriy majburiyatlar va maqsadlarni ishlab chiqdi.

    Bu vazifalar xalqaro, mintaqaviy va mahalliy yoʻnalishda jami 44 banddan iborat. Bular aniq tizimli tartibda ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirib kelinmoqda.

    — BMT tuzilmalarining Oʻzbekistondagi faoliyatini qanday baholaysiz? Ularning jamiyatimiz rivojida tutayotgan oʻrni qay darajada?

    — Hozirgi vaqtda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “BMT jamoasi” 24 ta turli agentlik, jamgʻarma va dasturlarga tegishli muassasalarni oʻz ichiga oladi. Ular 2030-yilgacha boʻlgan BMT kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ravishda ­Oʻzbekistonda milliy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini ilgari surish borasida koʻmak berish boʻyicha oʻzaro birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.

    BMT doirasida amalga oshirilgan tuzilmaviy islohotlarning natijasi oʻlaroq, 2019-yildan buyon mamlakatimizdagi barcha BMT agentliklarining faoliyati Doimiy vakil (hozirgi vaqtda X.Freyzer) tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Mamlakatimizda vakolatxona darajasida oʻz faoliyatini olib borayotgan BMT tuzilmalari qatoriga BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Aholishunoslik boʻyicha jamgʻarma (YUNFPA), Bolalar jamgʻarmasi ­(YUNISEF), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), BMTning taʼlim, fan va madaniyat boʻyicha tashkiloti (YUNESKO), Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro migratsiya tashkiloti va BMTTD rahbarligida ish yurituvchi tashkilotning Koʻngillilar dasturi kabilar kiradi.

    BMTning mamlakatimizdagi faoliyatiga Sanoat rivojlanishi boʻyicha tashkilot (YUNIDO), Savdo va rivojlanish boʻyicha konferensiyasi (YUNKTAD), Atrof-muhit muhofazasi boʻyicha dastur (YUNEP) va tashkilotning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Shuningdek, Butunjahon banki BMTning ixtisoslashgan muassasasi sifatida tashkilotning respublikamizdagi faoliyati doirasida sezilarli ishlarni amalga oshirmoqda.

    BMT agentliklarining Oʻzbekiston Respublikasi bilan oʻzaro hamkorligi 2020-yilning sentyabrida mamlakatimizdagi Tashkilot jamoasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2021-2025-yillarga moʻljallangan BMTning barqaror rivojlanish maqsadidagi yangi Doiraviy hamkorlik dasturiga binoan amalga oshiriladi. Ushbu hujjat Oʻzbekiston hukumati, Oliy Majlis palatalari va keng fuqaroviy jamiyat vakillari bilan yaqindan hamkorlik natijasida yaratildi va tomonlarning yaqin kelajakka moʻljallangan oʻzaro saʼy-harakatlari dasturi hisoblanadi.

    Mazkur dastur mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining asosiy yoʻnalishlari bilan hamohangdir.

    — Orol muammosini hal etish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslari BMT tomonidan muntazam qoʻllab-quvvatlanib kelmoqda. Bu yoʻnalishdagi ishlar kelgusida qanday davom etadi?

    — Oʻzbekiston Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq muammolarni hal etishga BMT minbaridan turib doimiy ravishda bong urib kelgan. Mintaqamiz mamlakatlari bilan hamkorlikda tuzilgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi BMTda kuzatuvchi maqomiga ega. 2018-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan hamda BMT Bosh kotibi shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast jamgʻarmasi tashkil etildi.

    Jamgʻarmaning asosiy maqsadi — aholining turmush faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik vaziyat, ijtimoiy himoya va boshqa shu kabi sohalar bilan bogʻliq boʻlgan Orolboʻyining zaruriy muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni taʼminlash.

    Hozirgi kunga qadar Trast jamgʻarmasi faoliyati uchun donor mamlakatlarning jami 26,1 million AQSH dollariga teng mablagʻ jalb qilingan.

    Jamgʻarma doirasida doimiy ravishda loyiha takliflari portfeli ishlab chiqilmoqda va yangilanmokda. Jumladan, Orolboʻyi mintaqasi ekologik holatini tiklash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi boʻyicha loyihalarning yagona platformasi yaratildi. 47 ta yoʻnalish boʻyicha loyihalar roʻyxati shakllantirildi.

    Ular doirasida quyidagi 3 ta loyiha tasdiqlandi: innovatsion loyihalar yaratish va samarali qishloq xoʻjalik amaliyotini joriy etishda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, maktablarda ichimlik suvi taʼminoti va sanitariya tizimlarini yaxshilash, Qoraqalpogʻistonda sogʻliqni saqlash tizimini baholash.

    Hozirgi vaqtda BMT Taraqqiyot dasturi Orolboʻyi hududida qishloq joylaridagi biznes loyihalarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Qator vazirliklar va idoralar bilan imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida 2020-yil “Yashil Orol dengizi” tashabbusiga start berildi. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida 100 gektar quruq dengiz tubida saksovul koʻchatlari ekiladi.

    A.Guterrish oʻzining 2017-yil iyun oyida Orolboʻyiga qilgan safari yakunida Orol ekologik halokatini “bugungi kunning eng oʻtkir ekologik muammolaridan biri” deb qayd etdi. Shu bois, u BMT Oʻzbekistonni Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf qilishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

    — Birlashgan Millatlar Tashkiloti kun tartibida yoshlar masalasi dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Bunda Oʻzbekistonning tashabbuslari muhim ahamiyatga ega boʻlib boryapti. Shular haqda fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz?

    — Haqiqatan ham, keyingi yillarda BMT doirasida yoshlar masalalariga juda katta eʼtibor berilyapti. BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari boʻyicha maxsus vakili lavozimining joriy etilgani va ushbu masala tashkilotning qator anjumanlari kun tartibiga kiritilayotgani bu fikrning yaqqol dalilidir. Shu bilan birga, ­Prezidentimiz BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish tashabbusini ilgari surdi.

    Shu bois, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72 va 75-sessiyalarida soʻzlagan nutqlarida yoshlar masalalariga alohida ­eʼtibor qaratdi. Jumladan, davlatimiz rahbari 72-sessiyada “yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa...” ekanligini alohida taʼkidlab, “sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq”ligini aytib oʻtdi. Shu munosabat bilan, “globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish”ni ilgari surdi.

    BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida esa, Prezidentimiz “mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etishini, respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotgani va Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatayotgani”ni alohida taʼkidlab oʻtdi.

    Ushbu tashabbusni amalga oshirish yoʻlida BMT bilan hamkorlikda “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya” loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yilning aprel oyida boʻlib oʻtadigan BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining oʻninchi forumida mazkur hujjat loyihasini taqdim etamiz.

    Hozirgi vaqtda Yurtboshimizning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish borasidagi tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha qizgʻin ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mamlakatimizning BMT huzuridagi vakolatxonasi tomonidan mazkur hujjatni ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha “Doʻstlar guruhi”ni shakllantirish ishlari izchil davom etyapti. Konvensiyaning mohiyati, maqsadi va uni qabul qilish masalalari boʻyicha BMTga aʼzo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

    Bundan tashqari, 2020-yilning 12-13-avgustida mazkur tashabbusni amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan “Yoshlar — 2020: Global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir davomida Oʻzbekiston Prezidentining mazkur tashabbusini amalga oshirish masalalari xorijiy va mahalliy ekspertlar hamda mamlakatimizning turli mintaqalaridagi yoshlar ishtirokida batafsil muhokama qilindi, taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

    Samarqand Inson huquqlari veb-forumi natijalari boʻyicha qabul qilingan ­“Samarqand deklaratsiyasi” BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tashkilotning 6 ta rasmiy tilida chop etildi. Bularning hammasi davlatimiz rahbarining yoshlar huquqlarini taʼminlash borasidagi tashabbusining jahon hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

    Salim DONIYOROV suhbatlashdi.