Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning barcha asosiy yoʻnalishlari, jumladan, iqtisodiyot, investitsiya va madaniyat sohalaridagi masalalar muhokama qilindi. Qambarota GES-1 hamda “Qirgʻiziston-Xitoy-Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish kabi qoʻshma loyihalar doirasida oʻzaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi, deb yozadi Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Baxtiyor Saidov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun barcha saʼy-harakatlarini yoʻnaltirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
"Yakunda Prezident Sadir Japarov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy salom yoʻllab, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga masʼuliyatli davlat faoliyatida omad va muvaffaqiyatlar tiladi", deyiladi xabarda.