Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatda nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki barqaror va muvozanatli rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan yagona tizimni shakllantirmoqda. O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) ham o‘z faoliyatida inson kapitalini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va ekologik mas’uliyatni kuchaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Xususan, TMK tomonidan tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ushbu yondashuvning amaliy ifodasiga aylandi. Tadbir doirasida kombinat tasarrufidagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish zavodida faoliyat yuritayotgan 50 nafar iqtidorli yosh mutaxassislar bilan rahbariyat o‘rtasida bevosita va ochiq muloqot o‘tkazildi.
Bugungi kunda TMK tizimida yoshlar umumiy ishchi-xodimlarning qariyb 30 foizini tashkil etayotgani, ularning kombinat rivojidagi roli tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Uchrashuv davomida kombinatda amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalari, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, xalqaro hamkorliklar hamda innovatsion rivojlanish strategiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, sanoatni modernizatsiya qilish jarayonida yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj alohida ta’kidlandi.
Eng muhimi, muloqot bir tomonlama emas, balki konstruktiv dialog shaklida o‘tdi. Yosh mutaxassislar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, ilmiy yondashuvni kuchaytirish va xalqaro tajribani kengroq tatbiq etishga qaratilgan aniq amaliy takliflar bilan chiqdi. Ushbu tashabbuslarning qo‘llab-quvvatlangani esa TMKda “g‘oya-tashabbus-natija” zanjiri real ishlayotganini ko‘rsatadi.
“O’zbekiston texnologik metallar kombinatida yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, R&D Park loyihasi doirasida yoshlarning innovatsion g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanib, ularni tijoratlashtirish va real loyihalarga aylantirish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, AQSHning top universitetidan biri Massachusetts Institute of Technology bilan hamkorlik doirasida yosh mutaxassislar Horizon dasturlarida ishtirok etib, xalqaro darajadagi nufuzli sertifikatlarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, kombinatning ko‘plab xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorligi esa yoshlarga xalqaro tajriba orttirish, amaliyot o‘tash, dual ta’lim olish imkonini bermoqda”, – deydi TMK Boshqaruv raisining yangi texnologiyalar, innovatsiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Amir Abidov.
TMK faoliyatida ekologiya masalalari alohida strategik yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Kombinat tomonidan yashil energetikani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitga ta’sirni minimallashtirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” loyihasi doirasida o‘tkazilgan daraxt ekish aksiyasi esa ushbu siyosatning amaliy ifodasiga aylandi. Tadbirda rahbariyat va yoshlar birgalikda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekib, ishlab chiqarish hududlarida ekologik muvozanatni mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Bu model bugungi kunda nafaqat korporativ boshqaruvning samarali yechimi, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati va barqaror rivojlanish strategiyasining amaliy ifodasidir.