Uchrashuv davomida tomonlar Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalarni batafsil muhokama qildi.
Muhokamalarda Oʻzbekiston tomonidan Rossiya Federatsiyasining hududlarida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi bosh konsullari ishtirok etdi. Bu esa joylardagi amaliy ish tajribasini inobatga olgan holda koʻtarilgan masalalarni aniq va atroflicha koʻrib chiqish imkonini berdi. Rossiya tomonidan esa diplomatik vakolatxonaning konsullik boʻlimi rahbariyati, migratsiya masalalari boʻyicha masʼul xodimlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari qatnashdi.
Oʻzbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari oʻtkazilayotgan jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining – ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunini buzgan fuqarolarning – huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yoʻl qoʻyilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
Uchrashuv tomonlarning migratsiya jarayonlarini tartibga solish, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan pragmatik va oʻzaro hurmatga asoslangan muloqotni rivojlantirishga intilishini tasdiqladi.
Shuningdek, tomonlar amaliy hamkorlikni doimiy ravishda takomillashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari hamda ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish zarurligini taʼkidladi.