Oʻzbekiston tuproq shoʻrlanishiga qarshi qanday kurashmoqda?

    Toshkentda shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha birdaniga uchta yirik xalqaro tadbir — Shoʻrlangan tuproqlar xalqaro tarmogʻi (INSAS)ning ikkinchi yigʻilishi, Yevrosiyo submintaqaviy tuproq hamkorligining oltinchi yalpi yigʻilishi hamda shoʻrlangan tuproqlarni tahlil qilish boʻyicha Global tuproq laboratoriyalari tarmogʻi (GLOSOLAN)ning treningi boʻlib oʻtdi.

    Yirik xalqaro forumda 150 nafar ishtirokchi, jumladan, Avstraliya, Armaniston, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Malayziya, Niderlandiya Qirolligi, Tanzaniya Birlashgan Respublikasi, Pokiston, Senegal, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Fransiya, Xitoy, Eron Islom Respublikasi kabi mamlakatlardan mutaxassislar ishtirok etdi.

    Global tuproq hamkorligi (GSP), Yevroosiyo tuproq hamkorligi (EASP) va BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirlar mobaynida “Global tuproq hamkorligi doirasida tuproq resurslarini barqaror boshqarishni qoʻllab-quvvatlash – III faza” loyihasi imzolandi. FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxoasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov taʼkidlaganidek: “Ushbu loyiha hujjatining imzolanishi katta yutuq boʻldi. Loyiha tuproq resurslarini barqaror boshqarish sohasidagi milliy, mintaqaviy va global salohiyatni yanada mustahkamlashga qaratilgan”.

    Tuproqning shoʻrlanishiga bagʻishlangan qator tadbirlar orasida INSASning ikkinchi yigʻilishi muhim oʻrin egalladi. Ushbu yigʻilishi oʻtgan davrda erishilgan yutuqlarni koʻrib chiqish va baholash, ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash va 2023-2024-yillarga moʻljallangan ish rejasini ishlab chiqish, shuningdek, tarmoq aʼzolarining hamkorligini mustahkamlash va tabiiy resurslarni samarali boshqarish va tuproqning shoʻrlanishiga qarshi kurashish sohasidagi ularning bilim va koʻnikmalarini oshirishga hissa qoʻshish maqsadida chaqiriladi.

    — Barcha tavsiyalar, shu jumladan ilmiy-texnik maʼlumotlar fermerlar uchun tushunarli boʻlishini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi juda muhimdir, — deydi INSAS raisi Xorxe Batye-Sales. — Fermerlar oxirgi foydalanuvchi boʻlib, kundalik hayotda tuproqning shoʻrlanishi muammolariga duch kelganligi sababli, ular ushbu tavsiyalarni tushunishlari va samarali bajarishlari kerak. Suv resurslaridan oqilona foydalanish va tuproqni muhofaza qilish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqishda ushbu jarayonlarning atrof-muhitga mumkin boʻlgan taʼsirini hisobga olish kerak. Bunday kompleks yondashuv barqaror rivojlanishga erishish uchun juda ahamiyatli.

    GLOSOLAN treninglari Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasida oʻtkazildi. Laboratoriya mashgʻulotlari xalqaro ekspertlar va INSAS vakillari tomonidan oʻtkazildi. Ishtirokchilar tuproq shoʻrligi, pH va bor miqdorini oʻlchashni oʻrgandilar. Shuningdek, ular tuproq laboratoriyalarini boshqarish, shu jumladan sifat nazorati va kafolatining amaldagi xalqaro standartlari haqida koʻproq bilib oldilar.

    Yevrosiyo submintaqaviy tuproq hamkorligining 6-chi yalpi yigʻilishida Yevroosiyo mintaqasining 12 ta mamlakati vakillari mintaqada tuproqni barqaror boshqarish usullarini joriy etishdagi mavjud toʻsiqlarni muhokama qildilar va aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun mintaqaviy hamkorlik va bilim almashinuvini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida kelishib oldilar. Yevroosiyo tuproq hamkorligining majburiyatlari bir ovozdan qabul qilingan Toshkent kommyunikesida bayon etilgan. Yalpi majlisda Submintaqaviy Yevroosiyo tuproq hamkorligining yangi ish rejasi muhokama qilindi va oʻzaro kelishildi, yangi rais va rais oʻrinbosari saylandi.

    Tadbirlar doirasida Oʻzbekistonda FAO tomonidan amalga oshirilayotgan va Global Ekologik Jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi tomonidan qoʻshimcha tadbir tashkil etildi. Markaziy Osiyoning sugʻoriladigan yerlarida tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashishga bagʻishlangan tadbirda mutaxassislar shoʻrlanish sabablari, tuproq degradatsiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini muhokama qildilar. Ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashdilar va bu boradagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

    Yakuniy tadbir ishtirokchilarning Orol dengiziga tashrifi boʻldi. Tashrif dasturiga Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazi, Muynoqdagi Orol dengizi muzeyi, shuningdek Orol dengizining sobiq qirgʻoqlari boʻylab sayohat kirdi.

    Mutaxassislar tuproqning shoʻrlanishini yumshatish va shoʻrlanishdan taʼsirlangan qishloq xoʻjaligi yerlarining iqtisodiy foydasini oshirish uchun aralash dehqonchilik tizimida koʻp maqsadli galofitlar va tuzga chidamli glikofitlarni (shoʻrlangan tuproqlarda yashashga moslashish imkoniyati juda cheklangan oʻsimliklar) yetishtirishning afzalliklarini muhokama qildilar. Tashrif ishtirokchilari Amudaryo deltasida joylashgan Qorabugʻa koʻrgazma maydonida ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Bundan tashqari, tashrif davomida tuproq shoʻrlanishini oʻlchash uchun YEM-38 elektromagnit induksion qurilmasi yordamida yerlarni xaritalash boʻyicha treninglar oʻtkazildi.