Mazkur tadbirdan koʻzlangan maqsad, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, doʻstlik va ishonchga asoslangan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash yuzasidan fikr almashish va aniq takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Uchrashuvda soʻzga chiqqan Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov institut faoliyati va vazifalari, xorijiy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oʻtkazilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Turkiyaning tahlil markazlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, qoʻshma ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkazish istiqbollari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar hamda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va tashabbuslari tufayli ikki qardosh xalq oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik yangi darajaga koʻtarildi.

Xalqlarimiz koʻp asrlik tarixi, tili, dini, qadriyatlari va mushtarak urf-odatlari bilan bir-biriga chambarchas bogʻlangan. Davlatlarimiz oʻrtasida oʻzaro ishonch asosidagi doʻstona munosabatlar bugungi kunda izchil mustahkamlanib bormoqda. Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yoʻlga qoʻyilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

Qayd etilganidek, joriy yilning 29-mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida koʻp qirrali Oʻzbekiston – Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan oʻngga yaqin hujjat imzolandi.

Bundan tashqari, ekspertlar 2022-yilda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitiga alohida eʼtibor qaratdi. Tili oʻxshash va dini bir, tarixiy va madaniy rishtalar asosida shakllangan ushbu tashkilot mintaqaviy koʻp qirrali hamkorlikning samarali platformasiga aylanib, uning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi yil sayin ortib borayotgani qayd etildi.

Samarqandda boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti aniq takliflar ishlab chiqish va hamkorlikning yangi istiqbollarini muhokama qilishda muhim voqea boʻlishi taʼkidlandi.

Mutaxassislar Turkiya ilmiy-tadqiqot institutlari, xususan, SETA ning Oʻzbekiston tahlil markazlari bilan yaqin aloqalarni oʻrnatishga boʻlgan yuqori qiziqishini qayd etdi. Muzokaralar chogʻida SETA vakillari jamgʻarma faoliyati xususida maʼlumot berib, uning mamlakatimiz “aql markazlari” orasida yetakchi oʻrinni egallashini taʼkidladi.

SETA siyosat, xavfsizlik, iqtisod va gumanitar masalalar boʻyicha yirik tadqiqotlar bilan shugʻullanayotgani, mahalliy va xorijdagi ixtisoslashtirilgan jurnallarda chop etilayotgan ochiq mavzuli maʼruzalar tayyorlanishi taʼkidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi sheriklikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda yanada kengaytirish masalalarini ekspertlar darajasida koʻrib chiqishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Tadbirda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinib, hurmat, doʻstlik va oʻzaro ishonchga asoslangan koʻp qirrali oʻzbek-turk hamkorligini yanada faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.