Oʻzbekiston va BMT: tarixiy sessiya hamda tarixiy nutq

    Fikr 24 Sentabr 2020 12717

    Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarida BMT muhim ahamiyat kasb etadi.

    Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan xalqaro hamjamiyatning teng huquqli suveren vakili sifatida BMTga aʼzo boʻldi va bu xalqaro tashkilot va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, barqaror taraqqiyot muammolari, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik tahdidlar kabi masalalar yuzasidan oʻzaro hamkorlik olib bormoqda.

    Munosabatlarning yangi bosqichi

    Oʻzbekiston Respublikasining BMT bilan munosabatlarida 2016-yilning ikkinchi yarmidan boshlab yangi tendensiyalar koʻzga tashlanib, oʻzaro munosabatlarda yangi bosqich boshlandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida mamlakat tashqi siyosati, jahonning rivojlangan mamlakatlari va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorligini yangi bosqichga koʻtarishning “yoʻl xaritasi” belgilab olindi. “Harakatlar strategiyasi” Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyatida yangi omillar, resurslar va oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish, siyosiy va iqtisodiy diplomatik munosabatlarni chuqurlashtirish uchun asos yaratdi. Xalqaro ekspertlarning taʼkidlashicha, Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari global dasturi bilan uygʻundir. Harakatlar strategiyasi – bu BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekistonning yoʻl xaritasidir. Shunga asosan, Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyatida, jahonning rivojlangan mamlakatlari va xalqaro tashkilotlari xususan, BMT bilan munosabatlarida yangi sahifa ochildi.

    2017-yil Oʻzbekiston va BMT munosabatlarida samarali yil boʻldi. 2017-yil 10-iyunda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish rasmiy tashrif bilan Nukus, Samarqand shaharlarida boʻldi va Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvda Oʻzbekiston bilan BMT va uning tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati, uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Orol fojiasining ekologik oqibatlarini yumshatishga doir masalalar muhokama etildi. Global xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etish masalalari koʻrib chiqildi.

    2017-yil 19-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev AQSHda boʻlib, BMTning 72–sessiyasida nutq soʻzladi. Mazkur nutq Oʻzbekistonning BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarida yangi tendensiyalarni namoyon qildi. Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotidagi oʻzgarishlar hamda aniq va asosli manbalarga ega bir nechta tashabbuslarni ilgari surdi. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning nutqi mavjud muammolarga mahalliy, mintaqaviy va global darajada ahamiyat qaratib, ularning yechimiga pragmatik yondashilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yil noyabr oyida BMT bilan hamkorlikda Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiyada Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev nutq soʻzlab, «Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqaviy xavfsizlik muammosini, avvalo, preventiv diplomatiya usullaridan foydalangan holda hal qilishda muhim oʻrin tutishi lozim», deb taʼkidladi.

    Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 22-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” hamda 2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi.

    Oʻzbekiston va BMT hamkorligining eng muhim va ustuvor yoʻnalishlaridan biri bu – mintaqaviy xavfsizlik, tinchlik va barqarorlik masalasidir. Bu borada BMT bilan hamkorlikda 2018-yilning 27-mart kuni boʻlib oʻtgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston masalasiga bagʻishlangan yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bu borada muhim ahamiyatga ega boʻldi. Ushbu anjumanga BMT katta qiziqish bildirdi. Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish konferensiya ishtirokchilariga videomurojaat yoʻllab, mazkur anjuman Afgʻonistonda tinchlikka erishish yoʻlida alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. BMT Bosh kotibi Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Afgʻonistonda barqaror rivojlanish sari olib borayotgan saʼy-harakatlarini yuqori baholashini va uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Konferensiya yakunida mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yaqin qoʻshnilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash kabi maqsadlarni ifodalagan Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi.

    Tarixiy sessiya. Tarixiy nutq. Amaliy tashabbuslar

    BMTning 75-sessiyasi xalqaro munosabatlar tizimida oʻziga xos tarixiy sessiya sifatida tarixga kirdi. Birinchidan, ushbu sessiya BMTning oldingi anjumanlaridan butunlay boshqa formatda boʻlib oʻtmoqda. Jahonda roʻy berayotgan pandemiya sababi BMTning ushbu sessiyasini birinchi marotaba onlayn shaklda tashkil etildi. Barcha spikerlar, davlat rahbarlari, yirik siyosatchilar oʻz mamlakatlaridan nutq soʻzlamoqda, jahon hamjamiyati esa ularni onlayn kuzatib bormoqda. Ikkinchidan, ushbu sessiya turli davlatlar rahbarlari va hattoki qarama-qarshi tomonlar fikrlarni ham maʼlum bir maʼnoda yakdil qildi. Yaʼni deyarli barcha davlat rahbarlari COVID-19 fonida ushbu global xavfga qarshi kurash borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

    Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston va BMT hamkorligidagi faollik yangi siyosiy voqelik sifatida namoyon boʻlmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT 75-sessiyasidagi maʼruzasi tarixiy nutq sifatida nafaqat Oʻzbekiston balki, jahon tarixida ham iz qoldiradi. Chunki, ushbu nutq ilk marotaba xalqaro doirada, ushbu global xalqaro tashkilot miqyosida oʻzbek tilida amalga oshirildi. Shu oʻrinda qayd etish joizki, Oʻzbekiston vakillari 1950-yildan boshlab BMT Bosh Assambleyasida nutq soʻzlaganlar. Biroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi ilk marotaba oʻzbek tilida BMTning yuksak minbaridan yangradi. Bu nafaqat Oʻzbekiston balki, xorijdagi koʻpsonli vatandoshlarimiz hamda jahon jamoatchiligini nihoyatda quvontirdi.

    Oʻzbekiston Prezidentining nutqi pragmativligi, haqqoniyligi va real hayotiyligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, Sh.Mirziyoyevning nutqi uch muhim komponentlardan: mahalliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi masalalarga jahon jamoatchiligi eʼtiborini qaratish va amaliy tashabbuslarni ilgari surishdan iborat boʻldi. Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida taʼkidlab oʻtgan, parlament islohotlari, gender tenglik siyosati, Inson huquqlari taʼminlanishi, bu borada majburiy va bolalar mehnatining toʻliq tugatilishi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyaning qabul qilinishi, diniy erkinlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash, Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash, kambagʻallikni kamaytirish, yoshlar siyosati borasidagi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar BMT va xalqaro miqyosda qizgʻin kutib olindi.

    Markaziy Osiyo – Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida bugun xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimida mustahkam oʻrnashib bormoqda. Mushtarak madaniyat, umumiy tarix va kelajak bu mintaqa xalqlarni birlashtirib turuvchi omillardir. Shu maʼnoda, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik barqaror taraqqiyot masalalari prezidentimiz nutqida asosiy ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻldi. Xususan, Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutugʻimiz boʻldi. Oxirgi toʻrt yilda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro savdo hajmi salkam besh barobarga oʻsdi”. Mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti va barqaror rivojlanishi masalalarida oʻzaro savdo-iqtisodiy va transport kommunikatsiyalari, logistika va tranzit sohalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari ikki va koʻp tomonlama munosabatlar asosida ushbu sohalarni rivojlantirib borishga harakat qilmoqdalar. Xususan, MDH, SHHT, “Bir makon, bir yoʻl” kabi xalqaro tashkilotlar va tashabbuslar asosida transport aloqalari olib borilmoqda. Biroq mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro fikrlarning xilma-xilligi, yagona huquqiy normalarning va yagona taʼriflarning mavjud emasligi va shu boshqa muammolar sohaning jadal rivojlanishiga taʼsir koʻrsatib kelmoqda edi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi bu borada muhim va oʻz vaqtida ilgari surilgan taklif sifatida baholanmoqda.

    Afgʻoniston muammosi Markaziy Osiyo mintaqasining ayanchli va ogʻir muammolaridan biridir. Oʻzbekiston Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida tashqi siyosatda alohida eʼtirof etadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Afgʻonistonda tinchlik muzokaralari, ushbu mamlakatni iqtisodiy qayta tiklash, elektrlashtirish, temir yoʻl qurilishi kabi yirik loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Biroq Afgʻonistondagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda Oʻzbekiston ushbu mamlakatda tinchlik oʻrnatish ishlarini yana-da faollashtirishni chuqur anglab turibdi. Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan BMTning 75-sessiyasida bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish taklifi ilgari surildi. Oʻzbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan ushbu taklif Afgʻonistonda tinchlikni oʻrnatish va iqtisodiy barqarorlikni qayta tilashning yangi mexanizmi sifatida namoyon boʻlmoqda. Chunki, ushbu qoʻmita Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berib, bu yerdagi mavjud qarama-qarshi tomonlarning emas, balki, afgʻon xalqining manfaatlariga xizmat qiladi.

    Buguni dunyoning eng muhim va dolzarb masalalaridan biri bu – ekologik muammolardir. Xususan, Orol muammosi allaqachon mintaqaviy darajadan, global darajaga chiqib ulgurdi. Oʻzbekiston Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish va mavjud xavf-xatarlarning oldini olish borasida muhim va amaliy tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish ishlari bilan birga Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tuzildi. Taʼkidlash kerakki, bu Oʻzbekiston diplomatiyasining muhim yutuqlaridan biri boʻldi. Biroq Orol va Orolboʻyidagi murakkab ekologik vaziyat, aholi genofondini muhofaza qilish, salomatligini yaxshilash hamda ushbu hududda barqaror rivojlanishni taʼminlash dolzarb va muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bildirildi. Taʼkidlash kerakki, hozirgi global dunyoda dolzarb va murakkab masalalar yechimiga ilm-fan orqali yechim topish masalaning eng oqilona yoʻllaridan biridir. Shu maʼnoda, Orolboʻyi mintaqasida eng zamonaviy innovatsiya va texnologiyalarni joriy qilish va uni BMT doirasida maxsus rezolyutsiya orqali amalga oshirish, mintaqa mamlakatlari va boshqa davlatlar fikrlari hamda qarashlarni umumlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi.

    BMTning 2015-20130-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari” global dasturida kambagʻallikni kamaytirishga birinchi masalasi sifatida eʼtibor qaratilgan. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, BMT tomonidan 2000-2015-yillarda amalga oshirilgan “Ming yillik rivojlanish maqsadlari” dasturida ham ushbu muammoga katta eʼtibor qaratilgan. Bu borada koʻplab xalqaro tadbirlar amalga oshirilgan. BMT Bosh Assambleyaning 1997-2006, 2008-2017 va 2018-2020-yillardagi tegishli rezolyutsiyalari bilan qashshoqlikka barham berish boʻyicha BMT oʻn yilliklari eʼlon qilingan. Biroq bu muammo hamon dolzarb va murakkabligicha qolmoqda. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda 700 million kishi yoki dunyo aholisining 10 foizi oʻta qashshoqlardir. Pandemiya sharoitida ularning soni yana-da oshirish xavfi mavjud. Bu esa, xalqaro hamjamiyat va jahon mamlakatlarini ushbu muammoga birgalikda kurashishga chorlaydi. Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning 75-sessiyasida qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazishni taklifi oʻz vaqtida ilgari surilgan taklif sifatida katta ahamiyatga ega boʻldi. Chunki ushbu muammoga bir yoki bir necha mamlakatlar ishtirokida emas, balki butun xalqaro hamjamiyat miqyosida kurashish lozim. Shundagina amaliy natijalarga erishish mumkin. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston rahbarining ushbu taklifi butunjahon ommasining yuragi va qalbidagi fikrlari mujassam hamda ifodasi boʻldi. Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ham ushbu masala ilk bor 2017-yildan boshlab ochiq eʼlon qilinib, uni kamaytirish borasida amaliy tadbirlar oʻtkazila boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi Qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning 75-sessiyasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish, BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish, BMTning muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy oʻrnini yana-da kuchaytirish kabi xalqaro ahamiyatga molik takliflar ham ilgari bildirildi. Ular bugungi global dunyoning yangi rivojlangan va tinchliksevar qiyofasini namoyon etishga qaratilgan takliflar sifatida eʼtiborga molik. Chunki, pandemiya sharoitida koʻplab davlatlar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalar asosida ushbu virusga qarshi kurash olib bormoqda. Ushbu tashkilot tinimsiz ravishda yangi tadqiqotlar ustida ish olib bormoqda. Demak, tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish insoniyatning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.

    Bu Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarining turli aspektlarda, koʻp vektorli tashqi siyosatida koʻzga tashlanadi. Oʻzbekiston yangi xalqaro va mintaqaviy tashabbuslariga BMTni faol jalb qilmoqda. Oʻzbekistonning BMT bilan aloqalari natijasida jahon hamjamiyati bilan oʻzaro hamkorlik borasida oʻziga xos tajriba toʻpladi. Respublika yirik tashkilot sifatida global va mintaqaviy muammolar yechimiga BMTdan xalqaro siyosiy minbar sifatida foydalandi. Oʻz navbatida Oʻzbekiston tashabbuslariga BMT yuksak baho bermoqda.

    Oybek Abdumoʻminov,

    tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),

    OʻzR FA huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha

    Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktor oʻrinbosari