Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) BMTning xalqaro sayyohlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha jahondagi yagona xalqaro tashkilotdir. Mazkur tashkilot dastlab 1925 yilda Xalqaro sayyohlar assosiatsiyasi sifatida tashkil topgan. Shundan so‘ng, 1974 yilda uning nomi Butunjahon turizm tashkiloti deb o‘zgartiriladi. 2003 yilda tashkilot BMTning ixtisoslashgan muassasasi maqomiga ega bo‘ldi. 2023 yil holatiga ko‘ra Butunjahon turizm tashkilotiga 159 mamlakat a’zo bo‘lib kirgan. Shuningdek, tashkilot 158 ta ishtirokchi davlatni, 6 ta assosiatsiyalashgan mintaqani, kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan ikkita mintaqani va 500 dan ortiq bo‘linmali tashkilotlarni birlashtiradi. Butunjahon turizm tashkilotining shtab kvartirasi Ispaniyaning Madrid shahrida joylashgan. Ingliz, fransuz, ispan va rus tillari tashkilotning rasmiy tillari sifatida qabul qilingan. Jahon mamlakatlari iqtisodiyoti turizm industriyasini rivojlantirish, do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida xalqaro turizmga yordam ko‘rsatish, insonlarning xalqaro erkin harakati yo‘lidagi har qanday to‘siqlarga qarshi kurash, turizmning barcha turlari bo‘yicha texnik ma’lumotlarni to‘plash va tarqatish, turizm sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, turizmni rivojlantirishdan manfaatdor davlatlar va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish Butunjahon turizm tashkilotining bosh maqsadlaridir.
O‘zbekiston Butunjahon turizm tashkilotiga 1993 yilda a’zo bo‘ldi. 2004 yilda Samarqand shahrida tashkilotning Buyuk Ipak yo‘lida sayyohlikni rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha mintaqaviy ofisi tashkil etildi.
2014 yil 1-3 oktyabr kunlari Samarqand shahrida BMT JST Ijroiya Kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjumanda tashkilot Bosh Kotibi Taleb Rifai ishtirok etdi. Xalqaro anjumanning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzining tobora oshib borayotganligining yaqqol tasdig‘i va mamlakat ulkan sayyohlik salohiyatining yana bir e’tirofi bo‘ldi.
O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashganligi bu yerda turizm sohasini keng rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda 550 ta sayyohlik yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Ularning 65 tasi tarixiy-madaniy meros ob’yektlari, 30 tasi tabiiy 15 tasi sog‘lomlashtirish turizmi, ekologik turizm kabilarni o‘z ichiga qamrab olgan yo‘nalishlardir. O‘zbekistondagi 35 ta oliy ta’lim muassasasida turizmning turli sohalari bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 2023 yil Samarqandda Butunjahon turizm tashkilotining turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi.
Dunyoda 80 million o‘quvchiga ega, katta nufuzli va xalqaro doiralarda tan olingan AQSHning “The Huffington Post” internet nashri 2015 yilda jahonda eng yaxshi hamda istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlariga ega 15 ta mamlakat ro‘yxatini e’lon qildi. Bu ro‘yxatga O‘zbekiston ham kiritilgan bo‘lib, unda mamlakatga “Markaziy Osiyo marvaridi” deb ta’rif berilgan. Samarqand shahri esa inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganida bir marta borib ko‘rishi albatta zarur bo‘lgan dunyodagi 50 ta shaharlarning biri sifatida e’tirof etildi. 2022 yil AQSHning “National geographic traveler awards” ro‘yxatida “Yil yangiligi” hamda “Gastronomik turizm” nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi. “Jahon musulmon sayyohlari indeksi”da “eng kuchli sayohat yo‘nalishi” sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, 2023 yil O‘zbekiston Butunjahon turizm tashkilotining “eng tez rivojlanayotgan turizm maskanlari” ro‘yxatida, shuningdek, ushbu tashkilot hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasi eng jadal sur’atlarda rivojlanayotgan top-20 mamlakat ro‘yxatidan joy oldi. Mashhur “Gellap” ijtimoiy tadqiqot markazining “Sayyohlik uchun eng xavfsiz davlat” reytingida yuqori o‘rinlarni egalladi. Independent nashrining yozishicha, O‘zbekiston turizm sohasi bo‘yicha eng tezkor rivojlanayotgan davlatlar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan.
So‘ngi yillarda O‘zbekistonda turizm sanoatini rivojlantirish masalalarida yangi tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, turizm sohasida“ochiq eshiklar” tamoyilining joriy etilishi, xorijiy sayyohlar uchun viza tartibining soddalashtirilishi, xususan, 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi, deyarli yuzga yaqin davlatlar fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimining joriy etilishi, sayyohlik biznesining barcha turlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy investorlarni jalb qilish, soliq va bojxona imtiyozlarini yengillashtirish masalalari bu borada ulkan qadamlar bo‘ldi. Butun dunyoda xavfsiz sayohat eng muhim masalalardan biridir. Bu borada xorijyi va mahalliy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda 2017 yildan boshlab turizm polisiyasi tashkil etildi.
Samarqand shahrida “Ipak Yo‘li” sayyohlik markazi, Toshkent viloyatida “Amirsoy” qishki kurorti, “Chorvoq” zonalari, Jizzax viloyatida “Zomin”, Navoiy viloyatida “To‘dako‘l”, “Sarmishsoy” kabi xalqaro turizm loyihalari amalga oshirildi. O‘zbekiston tarixida ilk marotaba gastronomik turizm yo‘nalishida, gastromahalla, gastronomik turizm ko‘chasi, gastronomik turizm ovuli tashkil etildi. Shuningdek, har yili mamlakatimizning turli hududlarida Gastronomik festivallar tashkil etish an’anaga aylanib bormoqda. Aviaqatnovlar soni oshirilmoqda. O‘zbekiston aeroportlarda “ochiq osmon” rejimi joriy qilindi, Mamlakat hududlarini bog‘laydigan zamonaviy temiryo‘l loyihalari ishga tushirildi.
Mamlakatda turizm sohasini rivojlantirishda tarixiy-madaniy yodgorliklar, osori-atiqalar muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq madaniy meros ob’yektlari mavjud. Tarixiy-madaniy ob’yektlarning ko‘pchiligi Butunjahon madaniy merosi, Nomoddiy madaniy meros, Jahon xotirasi kabi YUNESKOning turli ro‘yxatlariga kiritilgan. Xususan, to‘rtta muzey shaharlar – “Xiva shahridagi Ichan-qal’a” (1990 y.), “Buxoro shahrining tarixiy markazi” (1993), “Shahrisabz shahrining tarixiy markazi” (2000), “Samarqand shahri” (2001) hududida joylashgan bo‘lib, YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
2023 yil 16-17 okyatbr kunlari O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, bir qator muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Prezidentimiz hozirgi murakkab vaziyatni inobatga olgan holda, xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgan taklif sifatida soha mutaxassislari tomonidan yuksak e’tirof etildi. Chunki, tobora globallashib borayotgan dunyoda, jahonning turli mintaqalarida yuz berayotgan etnik, milliy va diniy nizolar, turli siyosiy qarashlar o‘z navbatida turizm sohasining rivojiga, xalqlar va mamlakatlar madaniy almashinuviga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida Global xavfsiz turizm kodeksining amaliyotga tatbiq etilishi esa bu borada davlatlar va mamlakatlarning sayyohlik masalalariga yanada jiddiy e’tibor qaratishga undaydi. Shuningdek, mamlakatimiz rahbari Butunjahon turizm tashkiloti huzurida Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish, Tashkilot doirasida “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini ta’sis etishni taklif qildi. Ta’kidlash kerakki, butun dunyoda ekologik masalalar tobora dolzarblashib borayotgan, kun tartibidagi muhim masalalardan biridir. Nominatsiyaning joriy etilishi nafaqat turizm balki, barcha mamlakatlarda atrof-muhit, toza urbanizatsiya masalalarida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu platforma madaniy meros ob’yektlariga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, tarixiy yodgorliklarni asrash bo‘yicha eng ilg‘or tajribalar bilan almashish, tavsiya va samarali yechimlarni shakllantirish imkonini beradi. Kengashning birinchi yig‘ilishini qadimiy Buxoro shahrida tashkil etish esa O‘zbekiston tarixi va madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi investisiya loyihalarini jalb etish, shuningdek, mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Chunki, Buxoro nafaqat tarixda balki bugun ham butunjahon turizm taraqqiyotida o‘z o‘rniga ega shaharlardan biridir.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosida inson omili muhim ahamiyatga ega. Islohotlar inson qadri uchun qaratilgan. Mamlakatimizda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan turizm sohasida ham. Bu borada O‘zbekiston Prezidentining imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida biz Tashkilotimiz doirasida 2025 yilni “Butun jahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish, Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda o‘tkazish tashabbuslari nafaqat o‘zbekistonliklar, balki sohaning barcha jonkuyar vakillarini, mutaxassislarni, shuningdek, oddiy insonlarni ham to‘lqinlartirib yubordi.
O‘zbekiston jahon hamjamiyatiga faol kirib bormoqda, xalqaro minbarlardan nafaqat mahalliy, mintaqaviy balki global muammolarni ko‘rsatgan holda ularning yechimiga o‘z pozisiyalarini ham ilgari surmoqda. Shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar sammitlari, turli davlatlarning sammitlari, yirik anjumanlar o‘tkaziladigan markazga aylandi. Xalqaro munosabatlarda “Toshkent ruhi”, “Samarqand ruhi”, “O‘zbekiston tashabbuslari” kabi iboralar ko‘p qo‘llaniladigan bo‘ldi. Bu tadbirlarning barchasi O‘zbekistoning xalqaro nufuzi tobora yuksalib borayotganligidan dalolat beradi.
Oybek ABDUMO‘MINOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent