Muloqot chogʻida vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning asosiy ekologik tashabbuslari, jumladan, 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yili» deb eʼlon qilinishi, Iqlim kengashi va Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining tuzilishi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi, Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonda oʻrmon barpo etish va boshqa tashabbuslarni taqdim etdi.
Uchrashuvda asosiy masala GGGI bilan ikki tomonlama hamkorlik boʻlib, uning doirasida yashil oʻsish indeksida Oʻzbekiston reytingini oshirish, moliyaviy mexanizmlarni taʼminlash boʻyicha institutsional salohiyatni kuchaytirish, barqaror loyihalarga xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, “Ekofaol fuqaro” va “Ekologik sugʻurta” dasturlarini qoʻllab-quvvatlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomoni GGGI vakillarini 2025-yilda boʻlib oʻtadigan quyidagi yirik ekologik tadbirlarga taklif qildi: CITES konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 20-yigʻilishi (24-noyabr – 5-dekabr), Birinchi Samarqand iqlim forumi (4–5-aprel) va Atrof-muhit texnologiyalari xalqaro koʻrgazmasi (Eco Expo Central Asia).
Uchrashuv yakunida vazirlik va GGGI oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Xususan, tomonlar ekologik loyihalarning investitsion jozibadorligini oshirish, “yashil” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish va barqaror rivojlanish sohasida ilgʻor yechimlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni davom ettiradi.








