Gruziya Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijiy mamlakatlar bozorlariga olib chiqish uchun muhim tranzit davlat hisoblanadi. Oʻzbekiston bu mamlakatga avtomobillar, toʻqimachilik mahsulotlari, maishiy texnika jihozlari eksport qilish va jahon bozoriga chiqishdan manfaatdor.
Bugungi kunda Gruziya davlat xizmatlari, xususan, elektron hukumat sohasida yuqori natijalarga erishayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Shu bois, yaqinda Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi Gruziyada ishchi tashrif bilan boʻlib qaytdi.
Adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor MELIYEV bilan ushbu tashrifning asosiy maqsadi va qaysi sohalardagi yoʻnalishlar oʻzaro muhokama qilingani borasida suhbatlashdik.
— Oʻzbekiston delegatsiyasining Gruziyaga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki berdi, — deydi X.Meliyev. — Adliya va huquq, davlat boshqaruvidagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda adliya organlari muhim oʻrin tutadi. Xususan, Oʻzbekiston — Gruziya Adliya vazirliklari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish hamda mavjud idoralararo munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va mustahkamlash bugungi kunda vazirlikning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Tashrif dasturiga muvofiq, delegatsiya aʼzolari turli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar oʻtkazib, ular faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, Gruziya adliya vazirining birinchi oʻrinbosari bilan boʻlgan uchrashuvda davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish, huquqiy axborotni tarqatish va ularning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, davlat xizmatchilari huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi yangiliklar va amaliy jarayon bilan qiziqdik.
— Ikki davlat Adliya vazirliklari oʻrtasidagi oʻzaro oʻxshashlik aynan qaysi jihatlarda koʻrinadi? Shu haqda batafsilroq maʼlumot bersangiz.
— Gruziya Adliya vazirligi tuzulmasiga eʼtibor qaratsak, bizdagi kabi koʻplab oʻxshash faoliyat yoʻnalishlari mavjudligini, jumladan, nafaqat huquq sohasida, balki aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida ham yuqori natijalarga erishilganini aytish mumkin.
Gruziya davlat xizmatlari koʻrsatish modeli – “Davlat xizmati xususiy xizmatlardan farq qilmasligi va bir xil darajada qulaylik, tezlik va sifatga ega boʻlishga eʼtibor qaratishi kerak” konsepsiyasi asosida 2012-yil 21-sentyabrda Tbilisi shahrida Davlat xizmatlari zali, yaʼni Adliya uyi tashkil etilgan.
Adliya uyi binosida Adliya vazirligi ham joylashgan boʻlib, 400 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi va 470 dan ortiq davlat xizmati koʻrsatiladi.
Adliya uyi dastlab bir necha davlat organlari, yaʼni Fuqarolikni roʻyxatga olish agentligi, Davlat roʻyxatga olish milliy agentligi (koʻchmas mulk va boshqa mol-mulklarni roʻyxatga olish), Milliy arxiv, Ijro etish milliy byurosi, Notariat palatasi xizmatlarini integratsiya qilgan holda, bu xizmatlarni bir binoda koʻrsatish uchun tashkil etilgan.
Oʻzbekistonda 2017-yil dekabrdan “Yagona darcha” markazlari Davlat xizmatlari markazlari (DXM) sifatida qayta faoliyat boshlagan.
Bizda davlat xizmatlari sohasidagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va yuridik jihatdan taʼminlab borish uchun DXMlar Adliya vazirligi tizimida tashkil etildi.
Davlat xizmatlari koʻrsatishda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili belgilandi. Ushbu sohani tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza shakllantirildi. Xususan, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalar, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlar, har bir xizmat boʻyicha maʼmuriy reglamentlar qabul qilindi.
Amalga oshirilgan huquqiy, tashkiliy kompleks choralar natijasida markazlarimiz aholi muammolarini hal qilishning, davlat tashkilotlari va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarni soddalashtirish markaziga aylandi.
2018-yil 1-yanvarda faoliyat boshlagan paytda DXM tomonidan dastlab 37 turdagi xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich 300 dan ortiq.
— Gruziya davlat xizmatlari koʻrsatishda qanday yutuqlarga erishgan va ushbu sohada ularning qaysi yutuqlari eʼtiboringizni tortdi?
— Adliya uyidagi oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchaklari, oʻz-oʻzini suratga olish kabinkalari, har bir xona va eshik oldida koʻzi ojizlar uchun zal haqidagi maʼlumotlar maxsus taxtasi oʻrnatilgani eʼtiborlidir.
Bir nechta bankomat (toʻlovlarni amalga oshirish, naqd pul olish, valyuta ayirboshlash maqsadida) tashrif buyuruvchilar foydalanishi uchun xizmat qilmoqda. Qolaversa, tijorat banki ofisi joylashgan va aholiga bank xizmatlari, jumladan, valyuta ayirboshlash xizmatlari koʻrsatiladi. Mahalliy aholi vakillari va chet elliklar uchun alohida-alohida yoʻlaklar tashkil etilgani eʼtiborga molik.
Yana bir oʻziga xos jihati Adliya uyida “Just cafe” tashkil etilgan. Bu yerda fuqarolar uchun ovqatlanish bilan birga barcha turdagi davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Buning uchun sizga alohida xodim ajratiladi va oldingizga kelib tegishli murojaatni qabul qiladi. Ovqatlanib yoki qahva ichib boʻlgunga qadar hujjatlar tayyor boʻladi. Bunda fuqarodan taom uchun ham toʻlov qilish talab etiladi.
Taʼkidlash kerakki, mazkur tajribani oʻzimizda ham tatbiq etish maqsadida tashkiliy ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, adliya vazirining tegishli buyrugʻi bilan davlat xizmatlari koʻrsatuvchi markazlarimizda “Navbatsiz xizmat maskanlari”ni tashkil etishning huquqiy asosi belgilandi. Endilikda fuqarolar qoʻshimcha toʻlov evaziga “Navbatsiz xizmat maskanlari” uchun ajratilgan xonaga kirib, istalgan xizmatdan navbatsiz foydalanishi, bir vaqtning oʻzida qoʻshimcha qulayliklardan foydalanishi mumkin, bunda fuqarolarga alohida xodim tomonidan xizmat koʻrsatiladi.
Shuningdek, Gruziyada Adliya uyining mamlakat boʻylab 117 filiali mavjud boʻlib, ularga kuniga 20 mingdan ortiq mijoz (mahalliy va xorijlik fuqarolar) tashrif buyuradi.
Davlat xizmatlari hududlarga nafaqat filiallar orqali, balki sayyor tarzda chiqish orqali ham koʻrsatiladi. Sayyor xizmatga maxsus jihozlangan mikroavtobuslarda boriladi va ariza yuborish bilan birga, javobini ham shu joyning oʻzida taqdim etish imkoni yaratilgan.
Asosiy jihatlardan yana biri, onlayn davlat xizmatlarini koʻrsatish vazifasi ham Adliya vazirligiga yuklatilganidir. Adliya vazirligi tarkibida Raqamli boshqaruv agentligi tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy vazifalaridan biri yagona elektron xizmatlar portali orqali fuqarolarga onlayn davlat xizmatlarini koʻrsatish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish hisoblanadi.
— Demak, Gruziya Adliya vazirligida onlayn xizmatlar koʻrsatish sohasini yuritish boʻyicha alohida agentlik tashkil etilgan. Aytingchi, vazirlik tarkibida davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha yana qanday tuzilmalar mavjud va ularning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
— Gruziya Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi ham faoliyat yuritadi. Agentlikning asosiy vazifalari davlat xizmatlarini rivojlantirish, xususiy sektorda innovatsion xizmatlarni joriy etish hamda fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarini optimallashtirib borishdan iborat.
Bizning eʼtiborimizni tortgan yana bir muhim jihat, mazkur agentlik tomonidan Aholi reyestri yuritilishi boʻldi. Bu oʻz ichiga aholini umumiy roʻyxatdan oʻtkazish, fuqarolik holati dalolatnomalarini roʻyxatga olish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish, fuqarolik masalalari bilan bogʻliq jarayonlarni boshqarish, migratsiya hamda hujjatlarni apostil va legalizatsiya qilishni qamrab oladi.
Oʻzbekistonda ham hozirda ushbu amaliyotni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda. Xususan, aholining yagona reyestrini shakllantirish va yuritishga oid tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib hukumatga kiritilgan.
Bu aholining yagona roʻyxatini yuritish, tegishli maʼlumotlarni bir tizimda jamlash va ulardan foydalanish imkonini yaratishi bilan bir qatorda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida ham tub burilish yasaydi.
— Bu maʼlumotlardan Gruziyada mazkur sohada bir qator sezilarli yutuqlarga erishilganini koʻrish mumkin. Ayting-chi, yurtimizda ushbu sohada qanday yutuqlarga erishildi va oʻzaro oʻxshash jihatlar nimalarda namoyon boʻladi ?
— Avval taʼkidlaganimizdek, aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini taʼminlash, xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish borasidagi islohotlar Gruziyaga nisbatan kech boshlanishiga qaramay, yuqori natijalarga erishildi, deb aytish mumkin.
Barcha tuman va shaharlarimizda DXMlar tashkil etildi. Ularning 184 tasi uchun eng zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi, qolganlarini yakunlash ishlari olib borilmoqda.
Tuman (shahar) markazlaridan 50–100 kilometr uzoq, togʻli hududlarda 138 filial faoliyat yuritib kelmoqda. Ular mahalliy aholining uzogʻini yaqin qilmoqda.
Fuqarolarda onlayn xizmatlardan foydalanish koʻnikmasini oshirish maqsadida har bir markazimizda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchaklari tashkil etilgan. Bunda fuqarolarimizga my.gov.uz sayti orqali xizmatlardan mustaqil foydalanish uchun zarur amaliy yordam koʻrsatiladi.
Aholi ortiqcha ovora boʻlishining oldini olish hamda idorama-idora sarson boʻlib yurishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida xizmatlarni “kompleks tarzda” koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Bu fuqaroning bitta soʻrovi asosida oʻzaro bogʻliq davlat xizmatlarini kompozit shaklda, yaʼni bir paytda taqdim etishdir.
Davlat tashkilotlarining oʻz tashabbusi bilan fuqarolarga muayyan vaziyatda kerakli xizmatdan foydalanishni taklif qilishini nazarda tutuvchi proaktiv davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi.
— Aytingchi, tashrif yakuni boʻyicha qanday ijobiy natijalarga erishildi va ushbu sohalarda hamkorlikning kelgusi bosqichlari nimalardan iborat boʻlishi rejalashtirilmoqda ?
— Ikki davlat Adliya vazirliklari oʻrtasida 2024–2025-yillarga moʻljallangan huquq va adliya sohasida hamkorlik boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Bu rejada mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish, davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlar faoliyatini tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, yuristlar malakasini oshirish, maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonunchilikni amaliyotda qoʻllash bilan bir qatorda Gruziyaning Adliya uyi tajribasini oʻrganish yuzasidan hamkorlikni yanada kuchaytirish va tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha bir qancha vazifalar belgilangan.
Shuningdek, nafaqat biz ularga, balki gruziyalik hamkasblarimiz ham Oʻzbekistonda davlat xizmatlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga qiziqish bilan qaramoqda.
Xususan, bugungi kunda Adliya vazirligi binosida “Situatsion markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, unda respublika boʻyicha barcha markaz va FHDYO boʻlimlari faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratilgan. Gruziya Adliya vazirligi vakillari ushbu “Situatsion markaz” faoliyati bilan yaqindan tanishish istagini bildirdi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Lutfulla SUVONOV suhbatlashdi.