Uchrashuvdan maqsad respublikamizning xorijiy davlatlar bilan taʼlim sohasidagi aloqalarini rivojlantirish, yoshlarimizni dunyoning yetakchi taʼlim muassasalarida bilim olishiga imkon yaratish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yana-da kengaytirishdan iborat.
Lal Bahodur Shastri nomidagi menejment institutiga 1995-yilda asos solingan boʻlib, menejment, moliya menejmenti, biznes boshqaruvi kabi yoʻnalishlarda magistratura bosqichi taʼlimi sirtqi va kunduzgi shaklda olib boriladi. Bundan tashqari institutda qator sohalar, shu jumladan axborot kommunikatsiya texnologiyalarining koʻplab yoʻnalishlarida qisqa muddatli kurslar tashkil etilgan.
Mamlakatimiz elchisi institut faoliyati bilan yaqindan tanishib, u yerda talabalarga nazariy va amaliy bilim berish jarayoni uchun yaratilgan zamonaviy shart sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Uchrashuvda oʻzbekistonlik yoshlar uchun mazkur institutda axborot kommunikatsiya texnologiyalari, sunʼiy intellekt, zamonaviy dasturlash tillari va boshqa yoʻnalishlarda malaka oshirish kurslarini tashkil etishga kelishildi.
Lal Bahodur Shastri nomidagi menejment instituti rahbariyati Oʻzbekistonda davlat qurilishi va boshqaruvi sohasida faoliyat olib borayotgan taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatishga qiziqish bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.