Unda senatorlar, diplomatlar, JIDU professor-oʻqituvchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Italiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Agostino Pinna ham qatnashdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev tadbirni ochar ekan, Oʻzbekiston Italiyani betakror tarixiy-madaniy merosga ega mamlakat va ayni vaqtda dunyoning salmoqli iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyati bor yirik sanoat markazlaridan biri deb bilishini hamda Italiyaning xalqaro maydondagi, xususan, Yevropa Ittifoqi, G-7 va G-20 doirasidagi samarali faoliyatini katta qiziqish bilan kuzatib borishini taʼkidladi.

1992-yildan beri oʻtgan davr ichida Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida konstruktiv siyosiy muloqot hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning samarali mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi.

Soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda ikki davlatning tashqi siyosiy idoralari va parlamentlari muloqoti hamda savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligi, texnologik va sanoat taraqqiyoti yoʻnalishi uchun masʼul vazirlik va agentliklar oʻrtasidagi almashinuvlar sezilarli jadallashganini qayd etdi.

Ikki mamlakatning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida davlatlararo savdoda barqaror oʻsish kuzatilmoqda, yaqin yillarda bu koʻrsatkich 1 milliard dollarga yetishi kutilyapti. Qoʻshma sanoat loyihalari, jumladan, “Danieli”, “Pietro Fiorentini”, “Wood” va “Ferroli” kabi Italiya kompaniyalari bilan hamkorlik koʻlami ortib boryapti.

Muhokamalar jarayonida madaniyat, fan va taʼlim sohasidagi ikki tomonlama aloqa rishtalari alohida qayd etilib, Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlar kelgusida ham ushbu mamlakatlarning xalqlari farovonligi yoʻlida yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.