Tomonlar Kanada universiteti bilan sheriklik munosabatlarini oʻrnatish masalalarini muhokama qilish barobarida, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldi.

Veb-tadbirda Ottava universiteti vakillariga mamlakatimizning barcha jabhalarda mahalliy kadrlar tayyorlash sohasini tubdan isloh qilish siyosati haqida maʼlumot berildi. Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish masalalariga xorijiy hamkorlarning alohida eʼtibori qaratilmoqda. Diplomatik missiya rahbari xorijiy hamkorlarning eng ilgʻor tajribasini tibbiy taʼlim sohasiga yanada keng jalb etish Oʻzbekiston rahbariyatining ustuvor vazifasi ekanini alohida taʼkidladi.

Bernard Jasmin mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar jarayonini qutlab, fakultet biotibbiyot va tibbiyot fanlari sohasidagi tadqiqotlar natijalariga koʻra muntazam tarzda dunyoning yetakchi tibbiyot fakultetlari qatoriga kirishini taʼkidladi. Fakultet tarkibiga toʻrtta ilgʻor maktab - tibbiyot maktabi, farmatsevtika fanlari maktabi, epidemiologiya va sogʻliqni saqlash maktabi hamda biotibbiyot fanlari maktabi kiradi.

Dekanning soʻzlariga koʻra, fakultet 100 ga yaqin yoʻnalish boʻyicha yuqori sifatli bakalavr, magistr va doktorantura dasturlarini, shuningdek translyatsiya tibbiyoti va molekulyar tibbiyot boʻyicha ixtisoslashgan bakalavr darajasini taklif etadi.

Fakultet dekanining oʻrinbosari Mark Uokerning soʻzlariga koʻra, tibbiyot fakultetida 3 ming 611 nafar professor, 200 nafar maʼmuriy xodim, 200 nafar laboratoriya xodimi ishlaydi. Bundan tashqari, Kanadadagi beshta kasalxona va oltita ilmiy-tadqiqot instituti bilan yaqin hamkorlik munosabatlari oʻrnatilgan.

Elchixona maʼlumotiga koʻra, ushbu fakultetning asosiy yutugʻi bu -fakultet negizida dunyoda talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari uning faoliyati ustuvorligini taʼminlaydi. Fakultet har yili tadqiqotlar uchun provinsiya, federal va xalqaro manbalardan 140 million dollarga yaqin grant mablagʻlarini oladi. Hozirgi vaqtda professor-oʻqituvchilar miya, immunitet va yuqumli kasalliklar, yurak-qon tomir tizimi va sunʼiy intellektni oʻrganish kabi sohalardagi ilmiy loyihalarda faol ishtirok etmoqda.

Bernard Jasmin fikrlariga koʻra, universitetning ustuvor yoʻnalishlaridan biri innovatsion tibbiyot sohasida xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat. “Biz xalqaro taʼlim va tadqiqot sohasida yetakchimiz. Yevropa, Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqda ilmiy aloqalarni samarali rivojlantirishga harakat qilayapmiz va talabalarimiz hamda oʻqituvchilarimiz uchun global salomatlik sohasida imkoniyatlar yaratish ustida ishlayapmiz”, - dedi dekan.

Muzokaralar natijasida Kanada vakillari Oʻzbekistonning manfaatdor tibbiyot oliy bilim yurtlari va muassasalari bilan zamonaviy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, ushbu sohada oʻqitish sifatini oshirish, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, oʻzbekistonlik talabalarni magistratura va doktoranturaga qabul qilishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanini bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur muloqot elchi Javlon Vahobov va Ottava universiteti prezidenti Jak Fremon oʻrtasida oʻtgan yi 21-24-noyabr kunlari erishilgan kelishuvlar doirasida uyushtirildi. Ottava universiteti ingliz va fransuz tillarida mutaxassislar tayyorlaydigan yirik oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Universitet 1848-yilda tashkil etilgan. Ayni paytda universitetning 10 ta fakultetida 41 mingdan ortiq talaba, jumladan 150 dan ortiq mamlakatdan kelgan 7 mingdan ortiq yigʻit-qiz tahsil olmoqda. Ottava universiteti Kanadagi 8 ta yetakchi oliy taʼlim muassasasi qatoriga kiradi. Tibbiyot sohasida mamlakatdagi eng ilgʻor taʼlim tizimini taklif qilmoqda.