Oʻzbekiston va Latviya Qishloq xoʻjaligi vazirliklari standartlashtirish va sertifikatlash sohasida hamkorlikni kuchaytiradi

    Agrosektor 27 Oktabr 2021 835

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Qishloq xoʻjaligini standartlashtirish” hamda “Qishloq xoʻjaligi texnika va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash” markazlari Latviya Respublikasining “Sertifikatlash va sinash markazi” bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida bitim imzoladi.

    Hujjatda hamkorlikni kuchaytirish, organik qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash boʻyicha korxonalarni baholash tizimini rivojlantirish yoʻlida xizmat qilish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi, mashina-agrouskunalarini sinash jarayonlari hamda ish muhiti parametrlarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish masalalari koʻzda tutilgan.

    “Yaqinda Latviya Sertifikatlash va sinash markazi 110 yoshga toʻldi. Biz oʻzbekistonlik hamkasblar bilan 2014-yildan buyon doʻstona munosabatlarni oʻrnatganmiz va bugun ushbu aloqalarni hujjatlar orqali yanada mustahkamladik. Memorandumni imzolash jarayonida ikki mamlakat hukumat vakillari ishtirok etishdi. Biz oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan toʻplangan tajriba va bilimlarimizni baham koʻrmoqchimiz, hamkorlik samarali va qiziqarli boʻlishiga aminmiz”, – deya taʼkidladi Latviya Respublikasi Sertifikatlash va sinash markazi rahbari Antanas Makarevichius.

    Memorandum doirasida tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda ishchi guruhlarni shakllantirish, sertifikatlash boʻyicha laboratoriyalar va organlar negizida, xususan,

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Qishloq xoʻjaligini standartlashtirish” hamda “Qishloq xoʻjaligi texnika va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash” markazlarida organik mahsulotlarni sertifikatlashni takomillashtirish rejalashtirilgan.

    “Memorandumda belgilangan vazifalarni amalga oshirish organik mahsulotlar ishlab chiqarishni tartibga soluvchi sifatli normativ hujjatlarni ishlab chiqishga, “organika” ishlab chiqarishni baholash mexanizmlarini, Oʻzbekistonga olib kirilayotgan qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini boshqarish va sinash tizimlarini rivojlantirishga imkon beradi” – deb taʼkidladi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Anvar Jumanov.

    Shuningdek, Latviyaning yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda treninglar, ilmiy anjumanlar, seminar va simpoziumlar oʻtkazish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.