Uchrashuv davomida tomonlar iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlarini, amaldagi kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishini hamda hukumat va ishbilarmon doiralar ishtirokida rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar.

Xususan, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha kelishishni jadallashtirish hamda Tranzit savdosi toʻgʻrisidagi bitimni amalda joriy etish boʻyicha qoʻshma tadbirlar rejasi boʻyicha dolzarb vazifalar koʻrib chiqildi. Tomonlar bu borada yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor oʻrganish va hal qilishga oʻzaro qiziqish bildirdilar.

Oʻzaro savdo hajmining oʻsishi va diversifikatsiyasining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Jumladan, 2021-yildagi pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramay, Oʻzbekiston-Pokiston oʻzaro savdo hajmi qariyb 50 foizga oshdi. Xususan, asbob-uskunalar, oziq-ovqat, kimyo, toʻqimachilik va farmatsevtika sanoati, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan savdo qilishda sezilarli natijalarga erishildi.

Tomonlar ustuvor tarmoqlarda investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni olqishladilar. Muloqot chogʻida qoʻshma investitsiya tashabbuslarini roʻyobga chiqarish uchun istiqbolli yoʻnalishlar va toʻplangan muvaffaqiyatli tajriba asosida ikki mamlakat tadbirkorlarini loyihalarni amalga oshirishga jalb etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish mexanizmlari koʻrib chiqildi.

Muloqot chogʻida boʻlajak ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va qoʻshma biznes-forumni oʻtkazish boʻyicha keyingi choralar ham muhokama qilindi. Tomonlar ushbu tadbirlarning muvaffaqiyatli oʻtkazilishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish orqali ikki tomonlama investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qoʻshimcha turtki berishiga ishonch bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.