O‘zbekiston va Qatar sanoat va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytiradi

    Xalqaro hamkorlik 10 May 2023 818

    Joriy yil 8-9-may kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Qatar Davlatida bo‘lib, ushbu mamlakatning vazirlik va idoralari hamda yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

    Uchrashuvlarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

    Xususan, Savdo va sanoat vaziri Muhammad al-Tani bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Qatar tomoni o‘zaro hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi va Qatar Davlati rahbarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.

    O‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini hamda energetika, neft-kimyo, kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, IT sohasi va boshqa sohalardagi investitsiya loyihalarini qamrab olgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqishga kelishildi. Ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish, Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Toshkentda ikki davlatning yirik ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.

    Moliya vaziri Ali al-Kuvariy bilan suhbat chog‘ida bir qator infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar qo‘llashga kelishildi.

    Markaziy bank Boshqaruvchisi – Qatar investitsiya agentligi raisi Abdulla al-Tani bilan Qatar va O‘zbekiston tijorat banklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

    Energetika vaziri – Qatar Energetika kompaniyasi raisi Saad al-Kaabi bilan Nebras Power kompaniyasi bilan energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Qatar Savdo-sanoat palatasi raisi Xalifa al-Tani bilan uchrashuv doirasida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Qatar National Cement, Baladna, Qatar Diar, Fitco Detergents, Katara Hospitality kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda qurilish materiallari, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, mehmonxonalar, savdo-ko‘ngilochar va turar-joy majmualarini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuvlar tomonlarga rejalarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda hamkorlikni kengaytirish va ko‘rib chiqilgan barcha loyiha va tashabbuslarni to‘liq amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini berdi.