Uchrashuv Oʻzbekiston-Qozogʻiston iqtisodiy hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlandi. Muloqotda investitsiyaviy munosabatlar, savdo, sanoat kooperatsiyasi hamda transport va logistika sohasidagi hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalarga toʻxtaldi.
Sanoat kooperatsiyasi yoʻnalishida qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishning dolzarbligi qayd etildi. Tomonlar agrosanoat majmuasi, mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat, metallurgiya va farmatsevtika tarmoqlarida bugungi kunda koʻrib chiqilayotgan qator loyihalarni muhokama qilib, yangi loyihaviy takliflarni ishlab chiqish maqsadida turli sohalarda mavjud boʻlgan salohiyat va ishga solinmagan imkoniyatlarni oʻrganishga kelishdilar.
Hududlararo hamkorlikni faollashtirishga urgʻu berildi. Yaqin kelajakda yangi investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston va Qozogʻiston vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va viloyatlar maʼmuriyatlari rahbarlaridan iborat delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Joriy yil noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Hududlararo hamkorlik forumini, shuningdek, joriy yilning oxirigacha Oʻzbekiston-Qozogʻiston ishbilarmonlar Kengashining kengaytirilgan yigʻilishi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes – forum tashkil etilishi muhokama qilindi.
Ikki tomonlama savdoni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ushbu sohadagi qator masalalarni koʻrib chiqib, shu oyda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma Ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvlarini tashkil etishga kelishib oldilar. Bu ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining oʻzaro hamkorligini faollashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, uchrashuv chogʻida transport sohasida qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq qator masalalar hamda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida birgalikda faoliyat yuritish uchun navbatdagi tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.