Soʻnggi yillarda muntazam xarakterga ega boʻlgan konstruktiv muloqot investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini berdi.

Ikki Davlat rahbarlarining uchrashuvi hamda undan oldin oʻtgan yilning noyabr oyida boʻlib oʻtgan qoʻshma tadbirlar davomida erishilgan umumiy qiymati qariyb 7,5 milliard dollarlik 143 investitsiya loyihasi va 1,6 milliard dollarga teng boʻlgan 455 savdo bitimining amalga oshirilishi koʻrib chiqildi. Tomonlar loyihalar va shartnomalar hayotga joriy etilishining hozirgi holatini muhokama qilib, ularni ilgari surish boʻyicha birgalikda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Oldindan kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash hamda metallurgiya, mashinasozlik va kimyo sanoati kabi istiqbolli tarmoqlarda investitsiyaviy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tashkil etilgan “Loyiha ofisi”ning faoliyati oʻrganildi. Tomonlar shakllantirilayotgan loyihalarni koʻrib chiqishni tezlashtirishga, shuningdek ularni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlashga qaratilgan aniq mexanizm va muddatlar koʻrsatilgan alohida “Yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishdilar.

Rossiya texnologiyalarining yuqori darajasi va Oʻzbekistonda farmatsevtika yoʻnalishidagi xorijiy kompaniyalar faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar tufayli muhim ahamiyatga ega boʻlgan farmatsevtika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va ilmiy-tibbiyot markazlarini jalb qilgan holda bu boradagi qoʻshma ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Birinchi navbatda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi sheriklikni kengaytirishni nazarda tutib, Rossiya va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish borasida navbatdagi tadbirlar belgilandi. Yangi investitsiyaviy loyihalarni va savdo shartnomalarini hayotga tatbiq etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida joriy yilda Rossiya Federatsiyasining 42 ta subyektiga Oʻzbekistonning barcha 14 ta hudud rahbarlarining biznes missiyalarini tashkil qilish, shuningdek, muntazam ravishda onlayn muzokaralar olib borish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishish maqsadida toʻqimachilik, charm – poyabzal, oziq-ovqat, elektrotexnika va kimyo sanoati, qurilish materiallari va mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi sohalarida Oʻzbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga qiziqayotgan Rossiyaning yirik importchilari va savdo tarmoqlari ishtirokida yaqin kelajakda maxsus missiyalarni tashkil qilish istiqbollari ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.