Veb-uchrashuv davomida Tojikistonda oʻzbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyish, savdo nuqtalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi raisining oʻrinbosari B.Allakov mamlakatimizda milliy hunarmandchilik sohasini rivojlantirish, hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga taqdim etilayotgan imtiyozlar bilan Tojikiston vakillarini tanishtirdi. U, shuningdek, qoʻshni mamlakatda milliy hunarmandchilik savdosiga ixtisoslashgan shahobchalarni tashkil etish boʻyicha shartlar haqida maʼlumot berdi.
Tojikiston “Hunarmand” uyushmasi raisi M.Muhabbatov Dushanbeda va mamlakatning boshqa yirik shaharlarida hunarmandchilik mahsulotlari savdosi boʻyicha doʻkonlarning ochilishi ikki mamlakat hunarmadlarining oʻzaro tajriba almashishi uchun ham muhim voqea boʻlishini taʼkidladi.
Tojikiston tomonining maʼlum qilishicha, Dushanbe shahrida oʻzbek hunarmandlari mahsulotlarining ikkita savdo doʻkonini ochish rejalashtirilmoqda.
Suhbat davomida tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollar boʻyicha fikr almashdi.
Oʻzbekiston vakillari tojikistonlik hamkasblarini yurtimizga taklif qildi. Ushbu amaliy safar davomida Oʻzbekistonda hunarmandlarga yaratilgan sharoitlar bilan bevosida tanishish va ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatish imkoniyati yaratilishi taʼkidlandi.