Bugun vazir Ibrohim Abdurahmonov Tojikiston Respublikasi Taʼlim va fan vaziri Rahim Saidzoda bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazdi.
Unda tomonlar qoʻshma ilmiy tanlovlar loyihalarini oʻtkazish, talaba va yosh olimlarning akademik almashinuvini yoʻlga qoʻyish, yoshlar oʻrtasida startap loyihalarini amalga oshirish, raqamlashtirish sohasida ham hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, nanotexnologiya, geologiya, biotexnologiya, sunʼiy intellekt va boshqa sohalarda chuqur tadqiqotlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Forum ishtirokchilari dastlab Tojikiston oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion sohadagi yutuqlari aks ettirilgan koʻrgazma bilan tanishishdi. Unda universitet yosh olimlari tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanma va ixtirolar oʻrin olgan.
Forumning ochilish marosida ikki davlat vazirlik va idoralar masʼullari hamda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumning yalpi majlisida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va istiqboldagi rejalarga bagʻishlangan maʼruzalari bilan ishtirok etishdi hamda yakuni boʻyicha mamlakatlar oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida 30 ga yaqin bitim, anglashuv memoradumi va yoʻl xaritalari imzolandi.
Ularda Tojikiston oliy oʻquv yurtlari bilan kimyo texnologiya, energetika, mashinasozlik, sanoat texnologiyasi, biotexnologiya, irrigatsiya va suv resurslari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, farmakologiya, farmatsevtika kabi sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish koʻzda tutilgan.
Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunga qadar ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik boʻyicha 65 dan ortiq shartnoma va memorandum mavjud. Ayni paytda yurtimizning 5 ta oliy oʻquv yurtida taʼlim tojik tilida olib boriladigan maktab, litsey va oliy oʻquv yurtlari uchun kadrlar tayyorlanmoqda.