Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda “Valday” xalqaro munozara klubi tomonidan tashkil etildi.

Forum SMTI va “Valday” xalqaro munozara klubi homiyligida 2019-yilda Samarqandda “Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizlik muammolari oldida koʻp tomonlama hamkorlik” mavzusida birgalikda tashkil etilgan X Osiyo konferensiyasi va “Rossiya - Oʻzbekiston: yangi dunyo tartiboti sharoitida ikki tomonlama oʻzaro munosabatlarning istiqbollari” maxsus sessiyasi doirasida boshlangan oʻzbek va rossiyalik ekspertlar muloqotining mantiqiy davomidir.

Oʻzbekiston poytaxtidagi anjumanda ishtirok etish uchun ikki tomonlama munosabatlar boʻyicha yetakchi xalqaro mutaxassislar, “Valday” xalqaro munozaralar klubining siyosatshunoslik, iqtisodiyot, xavfsizlik sohasidagi nufuzli ekspertlari yigʻilgan.

Uchta sessiyadan iborat konferensiya davomida ishtirokchilar siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligining holati va istiqbollari toʻgʻrisida fikr almashadi.
Oʻzbekistondagi islohotlar bilan tanishadi, ularning Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishiga taʼsirini muhokama qiladi, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka doir xavf va tahdidlarni baholashadi, bu sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻnalishlarini belgilaydi. Markaziy Yevrosiyoda xalqaro savdo va integratsiyani rivojlantirish masalalarini koʻrib chiqadi, shuningdek, Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish uchun istiqbolli oʻsish nuqtalari va harakatlantiruvchi omillar boʻyicha ekspert qarashlarni ishlab chiqadi.

Navbatdagi Oʻzbekiston-Rossiya konferensiyasining bunday yuqori darajada oʻtkazilishi ekspertlar jamoasining Oʻzbekistonga boʻlgan katta qiziqishi bilan bogʻliq. Mamlakat Markaziy Osiyo mintaqasida alohida oʻrin tutadi, aholisi eng koʻp, eksportga yoʻnaltirilgan kuchli ishlab chiqarish salohiyati va zamonaviy qurolli kuchlariga ega.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi siyosiy va diplomatik aloqalar haqiqiy ishonchli ittifoqchilik va strategik sheriklik xususiyatiga ega boʻldi. 2021-yilning birinchi yarmida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,7 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshdi. Oxirgi uch yilda Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 915 tadan deyarli 2,2 mingtaga yetdi. 2021-yilning birinchi yarmida Rossiya kapitali ishtirokidagi 240 yangi korxona ishga tushirildi. 2019-2024-yillarga moʻljallangan Iqtisodiy hamkorlik dasturi, shuningdek, qiymati 25 milliard dollarga teng 800 dan ortiq savdo-sarmoyaviy bitim va memorandumlar doirasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.