Oʻzbekiston va Vengriya AES qurilishi loyihasi doirasida bayonnoma imzoladi.
Bu haqda «Oʻzatom« agentligi xabar berdi.
Vengriya delegatsiyasining Oʻzbekistonga amaliy tashrifi doirasida «Oʻzatom« agentligi, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi hamda MVM EGI Zrt. kompaniyasi oʻrtasida AES qurilishi loyihasida hamkorlikning qator muhim yoʻnalishlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni qayd etuvchi bayonnoma imzolandi.
“Hujjat, jumladan, mexanik tortish kuchiga asoslangan quruq sovutish tizimlarini qoʻllash, uskunalarni yetkazib berish boʻyicha texnik-tijorat takliflarini tayyorlash, Oʻzbekiston hududida quruq sovitish tizimlarini yirik uzelli yigʻishni tashkil etish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish ishlarini boshlash, shuningdek, Vengriya tomonidan taʼlim dasturlari va stajirovkalarni ishlab chiqishni nazarda tutadi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bayonnomaning imzolanishi mintaqaviy darajada atom energetikasi sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.








