Oʻzbekiston va Vengriya hududlararo hamkorlikni rivojlantiradi

    Biznes 18 Oktabr 2024 567

    Joriy yil 17oktyabrda Qoʻqon shahrida birinchi Oʻzbekiston-Vengriya mintaqalararo forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev, Vengriyaning Yas-Nadkun-Szolnok okrugi prezidenti I.Xubay, shuningdek, viloyat hokimliklari, vazirlik, idoralar rahbarlari va xodimlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Soʻzga chiqqanlar oʻz chiqishlarida Oʻzbekiston va Vengriya hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va aloqalar kengayishining ijobiy dinamikasini qayd etdilar. Oxirgi besh yilda ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi. Vengriyaning Gedeon Richter, Meditop Pharmaceutical, Inpark, Bonafarm, BDPST Group, Bayer Construct Group va boshqa yirik kompaniyalari farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika va qishloq xoʻjaligi, bank sektorida qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelyapti.

    Hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi. Uzoq muddatli va samarali hamkorlikni viloyat iqtisodiyotining farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi kabi muhim yoʻnalishlarida rivojlantirishga tayyorligi tasdiqlandi.

    Tadbir soʻngida Fargʻona viloyati, Qoʻqon shahri va Yas-Nadkun-Solnok viloyati oʻrtasida hamkorlik shartnomasini imzolashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi, shuningdek, Fargʻona viloyati ishbilarmonlar missiyasining Vengriyaga tashrifini 2025-yilning birinchi yarmida amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.