Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatı va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatı oʻrtasida madaniyat markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi.

Ushbu Bitim tarixiy hujjat boʻlib, bunday kelishuv ilk bor tuzilayotganligini inobatga olgan holda, ikki davlat madaniy aloqalarining yangi bosqichga koʻtarilishiga zamin yaratishi kutilmoqda.

Xitoy vaziri Sun Yeli ham ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar iqtisodiy, ijtimoiy, taʼlim yoʻnalishlari bilan bir qatorda madaniyat sohasida ham tez suratlarda rivojlanib borayotganligini maʼlum qildi.

Xususan, Xitoy vaziri 2024-yilda Pekin shahrida tashkil etilgan “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarini yuqori baholadi hamda mazkur tadbirlarni doimiy boʻlishiga umid bildirib, joriy yilda Oʻzbekistonda “Xitoy madaniyati kunlari” tadbirlarini tashkil etish taklifini bildirdi.

Oʻz oʻrnida, vazir Ozodbek Nazarbekov ushbu taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini hamda Oʻzbekiston tomonidan barcha amaliy yordam koʻrsatilishini bildirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlikka oid takliflar, qoʻshma madaniy loyihalar, madaniy taʼlim, investitsiya yoʻnalishlaridagi takliflari bilan oʻrtoqlashdilar hamda mazkur takliflarni ijobiy koʻrib chiqishga kelishib oldilar.