Oʻzbekiston va Xitoyning turistik shaharlari oʻrtasida doimiy va charter reyslar amalga oshiriladi

    Turizm 15 Fevral 2023 1001

    2023-yil 13-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov va “Shaanxi Tourism Group” kompaniyasi qoshidagi “New Silk Road Product Center” direktori Xan Zhongfeng va “Zhejang Loong Airlines” aviakompaniyasi vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumot uchun, “Shaanxi Tourism Group Co., Ltd.” 1998-yilda Shensi provinsiyasi (Xitoy) hukumati tomonidan tashkil etilgan va vakolat berilgan davlat investitsiya va operatsion tashkilotdir. Kompaniya faoliyati turizm industriyasini, xususan, turizm xizmatlari, sayyohlik va madaniyat markazlari, texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash va va turizmga investitsiyalar kiritishni rivojlantirishga qaratilgan.

    2022-yilda tashkilot 210 millionga yaqin sayyohni qabul qildi. Kompaniyaning 100 dan ortiq xolding va aksiyadorlik kompaniyalari, shuningdek, 10 mingdan ortiq xodimlari va 5,8 milliard miqdoridagi umumiy aktivlari mavjud.

    Taʼkidlash kerakki, yigʻilishda Xitoydan Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga sayyohlik oqimini koʻpaytirish, maxsus qoʻshma sayohat yoʻnalishini ishlab chiqish, mamlakat mintaqalarining turizm salohiyatini Xitoyda targʻib qilish, imkon qadar qisqa muddatda ikki davlatning turistik shaharlari oʻrtasida muntazam va charter reyslarini amalga oshirish, shuningdek, Xitoyning ichki turizmni rivojlantirish tajribasini oʻrganish masalalari muhokama etildi.

    Oʻz navbatida Xitoy tomoni turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgan Oʻzbekiston-Xitoy turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi faoliyatini ham ijobiy baholadi.

    Bundan tashqari, tomonlar ikki davlatning sayyohlik salohiyatini targʻib etishni kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston va Xitoyda vakolatxonalar ochish zarurligini tasdiqladilar.

    Uchrashuv yakunida sayyohlik agentliklarini ochish masalasini tezlashtirish, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turistik infratuzilmaga ega tarixiy shaharlarda “Shaanxi Tourism Group” kompaniyasi mutaxassislari uchun info-turlar oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, 2023-yil 10-fevralda “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd” aviakompaniyasi tomonidan Sian – Toshkent – Sian yoʻnalishidagi ilk toʻgʻridan-toʻgʻri reys amalga oshirildi.