Phung Duk Tiyen bilan suhbat chogʻida gilos, olma, xurmo, bodom, yongʻoq, piyoz, sarimsoq va boshqa mahsulotlar yetkazib berish uchun fitosanitariya ruxsatnomalari olinishini jadallashtirishni nazarda tutgan holda Oʻzbekistondan Vyetnam bozoriga yangi uzilgan va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini koʻpaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar Vyetnamlik mutaxassislarni jalb etgan holda Oʻzbekistonda sholichilikni rivojlantirish dasturini amalga oshirish va yangi navlarni joriy etishni davom ettirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Vyetnam sholichilik ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida urugʻchilik tizimini takomillashtirish hamda Vyetnam ertapishar navlarini Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish yoʻnalishlaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida Vyetnam milliy qishloq xoʻjaligi universiteti bilan hamkorlikda sholi yetishtirish qoʻshma kafedrasi, Xorazm viloyatida sholining qurgʻoqchilikka, shoʻrlanishga va Oʻzbekistonning boshqa tuproq-iqlim sharoitlariga chidamli boʻlgan yangi navlarini koʻpaytirish uchun Oʻzbekiston-Vyetnam sholichilik markazi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Vyetnam Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuproq holatini monitoring qilishga moʻljallangan agrokimyoviy xaritalarni ishlab chiqish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashadi va agrosanoat sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Vyetnam kompaniyalari va zamonaviy texnologiyalarni Oʻzbekistonga jalb etishga koʻmaklashadi.
Qishloq xoʻjaligi sohasidagi barcha kelishuv va tashabbuslarni sifatli amalga oshirish maqsadida tomonlar aniq mexanizmlar, masʼul ijrochilar va muddatlarni koʻrsatgan holda ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi vazirliklari oʻrtasida qoʻshma Hamkorlik dasturini tayyorlaydi.
Gelex Group kompaniyasi raisi Nguyen Long bilan uchrashuvda muqobil energiya manbalari, elektrotexnika sanoati va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻtarildi. Muzokaralar yakunida tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni boshlash boʻyicha kelishuvga erishildi.
Xuddi shunday konstruktiv ruhda Vyetnam elektronika sanoati assotsiatsiyasi ijrochi direktori Du Thi bilan muzokaralar olib borildi. Vyetnam kompaniyalarini jalb etgan holda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan Hamkorlik dasturini imzolashga kelishildi. Oʻzbekistonning turli hududlarida yarimoʻtkazgichli mahsulotlar, elektron sanoat uchun bosma platalar, shuningdek, LED chiplari ishlab chiqarish shular jumlasidandir.
Shu kuni “Mareven Food Holdings” kompaniyasi direktori Nguyen Duong bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda “Angren” EIZda oziq-ovqat va salqin ichimliklar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalasi koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuvlar yakunlari boʻyicha ishtirokchilar aniq amaliy chora-tadbirlar koʻrishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va kelgusida hamkorlik qilish formatini belgilab oldilar.