Toʻxtamurod Jumayev 1945-yilda Buxoro viloyati Olot tumanida tugʻilgan. 1967-yilda Buxoro pedagogika institutini tugatgan .

1963-yildan Olot tumanidagi 3-maktab, keyinroq Qorakoʻl tumanidagi 8-maktabda matematika fani oʻqituvchisi, maktab direktori oʻrinbosari sifatida ishlagan.

U 1990-2015-yillarda Qorakoʻl tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati direktori vazifasida ishlagan.

Toʻxtamurod Jumayev tashkil qilgan Qorakoʻl maktabida oʻziga xos taʼlim olish tizimi joriy qilingan. Natijada maktab oʻquvchilarining 90 foizi oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan. Bundan tashqari, ushbu maktab oʻquvchilari matematika fanidan Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, koʻplab medallarni qoʻlga kiritgan. Hozirgi kunga qadar matematika olimpiadasida qoʻlga kiritilgan medallar soni 36tani tashkil etadi. Shulardan 23tasi Jumayev maktabi oʻquvchilariga taqdim etilgan.

Jumayev taʼlim berishda zamonaviy oʻquv qurollari va kompyuterlar asosida yangi pedagogik texnologiyalarni qoʻllagan, matematika boʻyicha bir necha didaktik qoʻllanmalar muallifi.

1995-yilda Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi boʻlgan. Shuningdek, “Buyuk xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi.

- Toʻxtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi. Mana, bugungi kunimizning haqiqiy maʼrifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi! – degan yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri