Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi delegatsiya Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Gland (Shveysariya) shahrida joylashgan Bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Ularni Ittifoqning rivojlanish guruhi global direktori Enrike Lamann kutib oldi.
Maʼlumot uchun: Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi bioxilmaxillikni saqlash sohasida tadqiqotlar olib boruvchi, tabiatning yaxlitligini saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga hissa qoʻshuvchi dunyoda yetakchi tashkilot hisoblanadi. Ittifoq 1948-yilda YUNESKO tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, unga 120 ta davlat tashkilotlari va 91 mamlakat aʼzo.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar va biologik xilma-xillikni saqlash sohasiga qaratilgan saʼy-harakatlari, ilmiy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Ittifoq aʼzoligiga kirishiga boʻlgan intilishlari alohida qayd etildi.
Oʻz navbatida, J.Kazbekov oʻz nutqida Oʻzbekistonda atrof -muhitni muhofaza qilish, biologik xilmaxillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish va iqlim harakatlari sohasida olib borilayotgan izchil ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etdi.
Mazkur Ittifoq bilan oʻzaro hamkorlik Davlat ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimlarni tiklash”, «Oʻzbekistonning togʻli hududlar va vodiylarda oʻrmonlarni barqaror boshqarish», “Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklarning paydo boʻlishiga landshaft moslashuvchanligini oshirish” kabi qoʻshma grant loyihalari doirasida faollashgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekistonning Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga aʼzo boʻlishiga bagʻishlangan marosim oʻtkazildi. Shunday qilib, mamlakatimiz Ittifoq safiga qoʻshilgan 92chi va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi davlat boʻldi.
Bu yutuq Oʻzbekistonga Global ekologik jamgʻarma (GEF) va Yashil iqlim jamgʻarmasi (ZKF) dan ekologik loyihalar uchun grant mablagʻlarini jalb qilishni jadallashtirish, respublikadagi ixtisoslashtirilgan muassasa va tashkilotlarning kadrlar salohiyatini mustahkamlash va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi strategik hujjatlarni ishlab chiqishda Ittifoqning xalqaro standartlarini qoʻllash imkoniyatlarini yaratadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.