“Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya” markazida “Intellektual oʻyin” boʻlib oʻtdi

    Keyingi avlod 8 Aprel 2022 1128

    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Geologiya-qidiruv va kon-metallurgiya fakulteti, “Oʻzbekiston tarixi” kafedrasi tomonidan Oʻzbekistonning BMTga aʼzo boʻlganligining 30 yilligiga bagʻishlab “Rivojlangan mamlakatlarda bolalar mehnati ekspluatatsiyasi” mavzusida “Intellektual oʻyin” oʻtkazildi.

    “Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya” markazida boʻlib oʻtgan tadbirni oʻtkazishda Toshkent davlat texnika universiteti talabalari, Olmazor tumanidagi “Sehriyo” maktabi yuqori sinf oʻquvchilari va Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi VMT Model klubi ishtirokchilari boʻlgan talabalar hamkorlik qildi.

    Unda TDTUning “Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar” boʻyicha prorektori Murat Atamuratov, Toshkent davlat yuridik universiteti dekani Dildora Umarxanova, “Oʻzbekiston tarixi” kafedrasi mudiri Rahbar Xoliqova hamda kafedra professor-oʻqituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

    “Intellektual oʻyin” orqali bolaning eng yaxshi manfaatlarini taʼminlash, bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻyin ishtirokchilari oʻz bilim va iqtidorlarini namoyish qildi.

    “Bola huquqlari Oʻzbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi, — deydi “Oʻzbekiston tarixi” kafedrasi mudiri Rahbar Xoliqova. — Mamlakatimiz bolalar huquqlarini himoya qilish va takomillashtirish borasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani, Bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasini, shuningdek Bolalarni qurolli mojarolarga jalb qilish toʻgʻrisidagi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning fakultativ protokollarini ratifikatsiya qildi. Shu haqida Bugungi “Intellektual oʻyin” orqali talaba-yoshlar yanada muhim tushuncha va bilimga ega boʻldi deb oʻylayman”.

    Ushbu maʼnaviy maʼrifiy oʻyin-tadbir ham bugungi kunda Oʻzbekistondagi bolalar vaziyatini yaxshilashda muvaffaqiyatlar, muammolar va ularning sabablarini anglash va tushunishda ochiq dars vazifasini oʻtagani shubhasiz.

    Boʻlib oʻtgan “Intellektual oʻyin” jarayonida talabalar va oʻquvchilarga BMT Bosh Assambleyasining bir kunlik faoliyatini modellashtirish vazifasi belgilab berildi. Tadbir soʻngida ushbu tadbirni tashkillashtirishda faol boʻlgan professor-oʻqituvchilar hamda “Intellektual oʻyin”da faol boʻlgan talabalar universitet tomonidan TASHAKKURNOMA bilan taqdirlandi.

    Ozoda Bekmurodova, jurnalist.