Uchrashuvda Hindiston davlat vaziriga Oʻzbekistonda olib borilayotgan yoshlar siyosati, ularga zamonaviy dasturlar asosida taʼlim berish, yoshlarni ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan manzilli ishlar xususida maʼlumot berilib, 2020-yil iyun oyida tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligi faoliyati haqida toʻxtalib oʻtildi.
Yoshlar yoʻnalishida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qoʻshma tadbirlar tashkil etish, xususan, AKT va startap sohalariga urgʻu bergan holda Oʻzbekiston-Hindiston yoshlari festivalini tashkil etish imkoniyatlari oʻrganildi.
Hindiston davlat vaziri Oʻzbekistonda yoshlar masalalarida olib borilayotgan davlat siyosatini yuksak baholab, 2021-yilga mamlakatda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilganligi sohaga qaratilgan yuqori eʼtiborni yaqqol isboti ekanligini taʼkidladi.
Sohadagi oʻzaro hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi va Hindiston Yoshlar masalalari va sport ishlari oʻrtasida hamkorlik memorandumi loyihasini ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi.