Oʻzbekistonda 2030-yilga kelib urbanizatsiya darajasi 60 foizga oshiriladi

    Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish, aholisi 300 mingdan koʻp boʻlgan shahar va tumanlar sonini 28 taga yetkazish maqsad qilingan.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida urbanizatsiya darajasini 2030-yilga kelib 51 foizdan 60 foizga oshirish koʻzda tutilgan, deb yozadi UzA.

    Shuningdek, ushbu strategiyada Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish, aholisi 300 mingdan koʻp boʻlgan shahar va tumanlar sonini 28 taga yetkazish hamda barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish maqsadlari qoʻyilgan.

    Ayni shu talablardan kelib chiqib, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan mamlakatda urbanizatsiya jarayonining rivojlanish tendensiyalari oʻrganildi.

    Tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda urbanizatsiya darajasining ortishiga aholi daromadlarining oshishi, oliy maʼlumotli kadrlarning koʻpayishi va uy-joylar qurilishi ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Soʻnggi 10-yilda Oʻzbekistonda shahar va qishloq aholisi soni 20,7 foizga teng surʼatda oʻsdi. Bu davrda urbanizatsiya darajasi 50-51 foiz orasida saqlanib, Toshkent shahri inobatga olinmasa, hududlarda urbanizatsiya darajasi 46-47 foiz atrofida boʻldi.

    Toshkent shahrining jozibadorligi tufayli mehnatga layoqatli aholining ushbu shaharga koʻchishi ortib bormoqda. Jumladan, Toshkentdagi doimiy aholining 64 foizi ishga layoqatli yoshdagi shaxslardan iborat boʻlsa, hududlarda bu koʻrsatkich 54 foizdan oshmaydi.

    Tadqiqot xulosasida qayd etilganidek, yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish, malakali kadrlar tayyorlash darajasini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish va ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash orqali urbanizatsiya darajasini oshirish mumkin. Bu omillar yashash sharoitlarini yaxshilashga va urbanizatsiya jarayonini rivojlantirishga xizmat qiladi.