Markaziy Osiyo mintaqasida suv manbalari kamayib borayotgani inobatga olinsa, muqobil energiyadan foydalanishni yanada jadallashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu oʻrinda, shamol energetikasiga doir ayrim raqamlar bilan tanishsak. 1997-yilda jahonda shamol elektr stansiyalarining umumiy oʻrnatilgan quvvati 7 500 MVt.ni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilga kelib bu raqam 750 000 MVtga toʻgʻri keldi. Mamlakatlar kesimida olsak, 2020-yilning oʻzida Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan 52 000 MVt, Amerika Qoʻshma Shtatlari tomonidan 16 205 MVt quvvatdagi yangi shamol elektr stansiyalari ishga tushirilgan.

Qolaversa, SHESlar tomonidan ishlab chiqilayotgan elektr energiyasi narxi ham arzonlashyapti. 2010-2020-yillar orasida quruqlikdagi shamol elektr stansiyalari (SHES) orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻrtacha narxi 56 foizga arzonlab, 1 kVt⋅soat elektr energiyasi 8,9 sentidan 3,9 sentigacha pasaygan.

Oʻzbekiston Respublikasida ham Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda shamol energetikasidan keng foydalanish boʻyicha sohada texnik-iqtisodiy izlanishlar oʻtkazilib, “2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan taʼminlash Konsepsiyasi” ishlab chiqildi. 2030-yilga qadar respublikada 3 000 MVt quvvatli shamol elektr stansiyalarini qurish asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistondagi SHESlarini qurish uchun aniqlangan yer maydonlaridagi shamol potensiali koʻrsatkichlari jahonda mavjud shamol elektr stansiyalarining oʻrtacha koʻrsatkichlaridan yuqori hisoblanadi. Yaʼni, quvvatdan foydalanish koeffitsiyentlari taqqoslanganda, respublika koʻrsatkichlari jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan 1,5 baravar yuqoriligi aniqlangan. Misol uchun, bir yilda 8 760 soat boʻlsa, Oʻzbekistonda barpo qilinadigan shamol elektr stansiyalari taxminan 3 900 soat toʻliq quvvati bilan ishlashi mumkin.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda SHESlarni qurish boʻyicha bir nechta loyihaga start berildi. Jumladan:

BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Tomdi tumanida qiymati 600 million dollar boʻlgan 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha kelishuvlar imzolandi. Ushbu stansiya 2024-yilda toʻliq foydalanishga topshirilgach, yillik 1,8 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 1 yilda 546 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Buxoro viloyatining Gʻijduvon va Peshkoʻ tumanlarida qiymati 1,3 milliard dollar boʻlgan 1000 MVt quvvatli 2ta SHES qurishi boʻyicha kelishuv imzolangan boʻlib, ushbu stansiyalar 2023-yilda ishga tushirilgach, yillik 3,6 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi yetkazib beriladi va yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishini taʼminlaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida qiymati 110 million dollar boʻlgan 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda tanlov oʻtkazildi. “ACWA Power” kompaniyasi 1 kVt⋅soat elektr energiyasi uchun 2,57 senti tarif taklifi bilan tanlov gʻolibi boʻldi. Ushbu stansiya 2023-yilda ishga tushgach, yiliga 350 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va bir yilda 106 million kub metr tabiiy gazni tejaydi.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, Energetika vazirligi shamol energetikasini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan rejalarni muddatidan oldin bajaryapti. Natijada, 2030-yilga qadar mamlakatdagi SHESlar umumiy quvvatini 5000 MVtga yetkazish kutilyapti. Ularning katta qismini Qoraqalpogʻiston Respublikasida barpo etish nazarda tutilgan.

SHES loyihalarini amalga oshirish davomida ularni yagona energetika tizimiga xavfsiz integratsiya qilish tadbirlari ham amalga oshirilyapti.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari jadal surʼatlar bilan rivojlanyapti. Xususan, energiyani saqlash qurilmalari orasida samarali hisoblanuvchi litiy-ion batareyalarining narxi xalqaro miqyosda maqbul qiymatga tushib boryapti. Xalqaro tadqiqot markazlari kelgusi 5 yilda bu turdagi batareyalar narxi oʻrtacha 30 foizga arzonlashishini taxmin qilyapti.

Buning natijasida Oʻzbekistonda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan energiyani boshqarish, saqlash hamda yagona energetika tizimi barqarorligini taʼminlash imkoni paydo boʻladi.


Oʻzbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi matbuot xizmati.