Bu haqida vazirlik rasmiy manbasida xabar berildi.

Tizim Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga subsidiyalar berish bo'yicha materiallar va hujjatlarni tezkor ravishda jamlash, ko'rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish imkonini beradi. Mazkur tizim orqali endilikda, qishloq xo'jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilari qishloq xo'jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan bog'liq subsidiyalarni olish uchun arizalarni elektron tarzda yuborishlari mumkin.

Tizim www.agrosubsidiya.uz elektron manzilida joylashtirilgan bo'lib, uni doimiy qo'llab-quvvatlash maqsadida maxsus telegram bot ham yaratilgan: t.me/agrosubsidiya_support.

Qishloq xo'jaligi vazirligi mutaxassislari ayni kunlarda respublika hududlariga chiqib, joylarda tizim ishlashini ko'rsatib berish orqali undan to'g'ri foydalanishni o'rgatmoqda.

Yagona axborot tizim Prezidentning 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Ta'kidlash kerakki, “Agrosubsidiya” YAAT orqali subsidiyani olish uchun arizalar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 109-son hamda 2021-yil 23-fevraldagi 95-son qarorlari bilan tasdiqlangan reglamentga muvofiq yuboriladi.