Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, inson salomatligining 55 foizi turmush tarzi (ovqatlanish, zararli odatlar, yashash sharoiti), 20 foizi atrof-muhit, 15 foizi irsiy omillar va 10 foizi tibbiy yordam bilan bogʻliq;
Bugungi kunda respublika aholisining 56 foizida ortiqcha vazn, shundan 24 foizida semizlik, 46 foizida meʼyoridan ortiq xolesterin, 31 foizida yuqori arterial qon bosimi mavjud, 67 foizi yetarlicha meva-sabzavot isteʼmol qilmaydi (kuniga 400 gr);
Aholi salomatligini taʼminlash boʻyicha quyidagilar belgilanmoqda:
2021-yil 1-iyundan boshlab:
- 6–23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida ularni mikronutriyent kukuni bilan;
- 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni “A” vitamini bilan;
- 2–10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparat bilan bepul taʼminlash;
2022-yil 1-iyuldan boshlab:
- homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3–15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan;
- 35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollarni temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlash;
2021-yil 1-apreldan boshlab respublika hududida oliy nav bugʻdoy unini mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda realizatsiya qilishga ruxsat berish;
- Sirdaryo viloyatining tuman va shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida eksperiment tariqasida 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” xonalari tashkil etilmoqda;
- Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari, oʻrta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlariga:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiy xodimlari uchun diyetologiya boʻyicha qayta tayyorlash kurslarini ochish;
aholi uchun ovqatlanish boʻyicha maslahatchi tayyorlash kurslarini tashkil etish huquqi berilmoqda.
- Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutiga sogʻlom ovqatlanish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish vazifasi yuklatilmoqda;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
- taʼlimning barcha bosqichlarida toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini yuritish boʻyicha dars (mashgʻulot)lar oʻtilishi;
- tibbiyot texnikumlarida valeolog, diyetolog, nutritsiolog mutaxassisliklarini tayyorlash, nutritsiolog va diyetolog magistratura (internatura, klinik ordinatura) mutaxassisliklarini 1 yillik oʻquv dasturlari asosida tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
- oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi tuz, qand va yogʻ miqdori inson sogʻligʻi uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini koʻrsatuvchi maxsus belgilar bilan tamgʻalash ikki bosqichda joriy etilishi belgilanmoqda.