Oʻzbekistonda asaldan koʻra asalarilar eksporti oshmoqda

    BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2017-yildan boshlab “Butunjahon asalarilar kuni” joriy qilindi. Nega aynan 20-may?

    Chunki 1734-yilning aynan shu kuni zamonaviy asalarichilik asoschisi Anton Yansha tugʻilgan. U 1771-yilda asalari haqida risola chop etadi, bu asar bir necha bor qayta nashr etiladi. Bugungi kunda uning maslahatlari va ixtirolari butun dunyo boʻylab asalarichilar tomonidan qoʻllaniladi.

    Asalarilar koʻplab oʻsimliklar, jumladan, oziq-ovqat ekinlarining koʻpayishida hal qiluvchi rol oʻynaydi. Bu hasharotlar 75 foizdan ortiq ekinlarning koʻpayishida ishtirok etadi, hosildorlikni oshiradi, mahsulot sifatini va xilma-xilligini yaxshilaydi, bioxilmaxillikni saqlaydi, tuproq unumdorligi, havo va suvning tozaligini taʼminlaydi, zararkunandalarga qarshi tabiiy kurashni kuchaytiradi.

    Bojxona qoʻmitasining maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda asaldan koʻra asalarilar eksporti oshmoqda.

    Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistondan 2024-yilda va 2025-yilning 4 oyi davomida qiymati 206 ming AQSH dollaridan ziyod salkam 64 tonna asal eksport qilingan.

    Asalning 92 foizi AQSHga, 7 foizi esa Afgʻonistonga sotilgan. Bu yil ilk bor asal Xitoyga ham eksport qilindi.

    Soʻnggi yilda respublikamizdan asalari paketlari eksportida ham jiddiy oʻsishlar kuzatildi.

    Masalan, 2024 va 2025-yilning 4 oyi davomida qiymati 5 mln AQSH dollariga yaqin salkam 260 ming dona asalari paketlari eksport qilingan.

    2025-yilning oʻzida eksport qilingan asalari paketlari qiymati 2024-yilga nisbatan 1.5 barobarga oshgan.

    Asalari paketlari asosan Rossiya, Qozogʻiston va Armanistonga eksport qilingan boʻlsa, joriy yilda bu roʻyxatga Tojikiston ham qoʻshilgan.