Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabar berdi.
Shu yilning 23-iyul kuni 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 oʻrinli ayollar boʻlinmasining ochilish tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari, Kotibiyat xodimlari ham ishtirok etib, bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Qayd etish lozim, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) ushbu muassasaga amalga oshirgan monitoring tashriflarida ushbu kasalxona ayol mahkumalarga ham xizmat koʻrsatishi kerakligini tavsiya qilgan edi. Ombudsman bu muassasada boshqa yopiq muassasalardan farqli oʻlaroq, tibbiy xodimlar yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar yoʻqligi, barcha turdagi tibbiyot mutaxassislari oʻrni band qilinganiga eʼtibor qaratgan.
Mazkur kasalxona terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil kasalliklari kabi 20 ta boʻlimga va 2 ta laboratoriyaga ega, shuningdek u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham oʻtkaziladi.