Oʻrtachirchiqlik Toʻxtasin Dehqonov 66 yoshda. U uzoq yillar arterial gipertoniya kasalligi, yaʼni yuqori qon bosimidan jiddiy aziyat chekib kelgan. Biroq shifokorlarga oʻz vaqtida murojaat qilmagani va kerakli muolajalarni olmagani sababli xastalik ogʻir asoratlarni keltirib chiqargan.
Xususan, shu yil yanvarda MSKT tekshiruvidan soʻng uning yurak–qon tomir tizimida jiddiy muammo borligi, aorta qon tomirining yuqori qismi esa katta hajmda shishgani maʼlum boʻldi. Avvaliga bemor viloyatdagi hududiy shifoxonalarda infarkt tashxisi bilan davolanib yurdi, ammo oʻzgarish boʻlmadi. Oqibatda ikki hafta oldin poytaxtimizdagi shifoxonalardan biriga oʻta ogʻir ahvolda olib kelindi.
Shundan soʻng Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligidagi shifokorlar bemorni zudlik bilan tekshiruvdan oʻtkazdi.
Tomografiya tekshiruvida aortaning koʻtariluvchi qismi yorilib, qavatlarga boʻlinib, aortaning tushuvchi koʻkrak qismining oʻrtasigacha tromb hosil boʻlgani aniqlandi. Qolaversa, bu yorilish miya tomirlari, uyqu, qoʻl va oʻmrov osti arteriyalariga tarqalganligi hamda aortaning ravogʻi va pastga tushuvchi qismigacha oʻtganligi kuzatildi.
Tashxis xulosalaridan soʻng vaziyat jiddiy ekani maʼlum boʻlib, bemor darhol operatsiya stoliga yotqizildi. 12 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, otaxon ogʻir darddan butkul xalos boʻldi. Ayni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi.
— Operatsiyaning ogʻir oʻtishini avvaldan bilardik, — deydi Rustam Yarbekov. — Sababi ham aortaning koʻtariluvchi va tushuvchi qismi, ham ravogʻi hamda miya tomirlarini sunʼiy protezlash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, mazkur amaliyotning noyobligi bemor tanasi 16 darajagacha sovutilib, tanadagi qon aylanishi 112 daqiqaga toʻxtatib qoʻyildi. Faqat braxiotsefal va uyqu arteriyasi orqaligina miya qon bilan taʼminlab turildi.
Aytish lozimki, bu kabi operatsiyalarni oʻtkazish uchun anesteziolog, reanimatolog, perfuziolog kabi malakali tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda soʻnggi avlod sunʼiy qon aylanish uskunasi, gipoterm va miyada qon aylanishi va oksigenatsiyani koʻrsatuvchi zamonaviy tibbiy jihozlar talab qilinadi.
Shu sababli ham avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda oʻtkazilgan. Quvonarlisi, kardioxirurgiya sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasida bugun yurtimizda ham ana shunday noyob operatsiyalarni bajarish imkoni yaratildi. Bu esa mamlakatimizda kardiojarrohlik sohasi yuqori darajaga koʻtarilganini koʻrsatadi.
Fursatdan foydalanib, bemor Toʻxtasin Dehqonovni ham suhbatga tortdik.
— Shu yil yanvar oyida koronavirusga chalindim, — deydi otaxon. — Buning ustiga, tez-tez qon bosimim koʻtariladigan, yuragim ogʻriydigan, tez charchaydigan boʻlib qoldim. Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda juda ham ozib ketdim. Tekshiruvga borganimda yuragimda jiddiy xastalik aniqlandi.
Oʻsha paytda yurtimizdagi juda koʻp shifoxonalarga bordik. Biroq koʻpchilik “bu operatsiya murakkab boʻlgani uchun faqat Germaniya, Hindistonda katta mablagʻ evaziga qilinadi” deyishdi. Keyin bilsak, yurtimizda ham bunday amaliyotni oʻtkazish uchun sharoit va malakali shifokorlar bor ekan. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez kunda yana sogʻlom hayotga qaytarkanman. Buning uchun ularga katta rahmat.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.