Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yichi vakili (Ombudsman) hamda YUNISEF bilan hamkorlikda “Bolalar Ombudsmani to'g'risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yichi vakili (Ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.

Xalqaro konferentsiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakili Aliya YUnusova,  YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov, BMTning Bola huquqlari bo'yicha qo'mitasi rais o'rinbosari Renata Vinter, Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi SHuxrat Bafaev, Senatning YOshlar, madaniyat va sport masalalari qo'mitasi raisi o'rinbosari Diloram Tashmuxamedova hamda mamlakatimizda bola huquqlarini ta'minlash uchun mas'ul tegishli davlat organlari va idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Prezidentimiz SH.Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bolalar ombudsmani to'g'risidagi qonunni qabul qilish zarurligini ta'kidladi. Bu bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda  muhim dasturilamaldir. Jumladan, Prezidentimiz bolaning asosiy huquqlari bilan bog'liq bir qator masalalarni ham aytib o'tdi. Bular rivojlanish, umrbod ta'lim, ijtimoiy himoya, bolalarni himoya qilish va bolalarning jamiyatda to'liq ishtirok etish masalalaridir. Albatta, ijtimoiy sohadagi islohotlarning samaradorligi, aholini ijtimoiy himoya qilish ko'p jihatdan ijtimoiy ta'minot tizimini isloh qilish, ijtimoiy xizmatlarni ko'rsatish va ulardan foydalanish, ijtimoiy ishlarni takomillashtirish va ijtimoiy ishchilarni tayyorlashga bog'liq.

"Bu O'zbekistonda bolalar huquqlarini ilgari surishdagi muhim qadamdir", - dedi YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. "Qonun qabul qilingach, u Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga muvofiq O'zbekistondagi bolalar, ayniqsa himoyaga eng muhtoj bolalarning huquqlari yanada mustahkamlashga ko'mak beradi", deb ta'kidladi u.

Ko'pgina xorijiy mamlakatlarda Bolalar ombudsmani faoliyati maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. BMTning Bola huquqlari qo'mitasi va boshqa inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi shartnomaviy organlari tomonidan olib borilgan bolalar huquqlarining xalqaro monitoringi O'zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari mavjud emasligi bilan bog'liq qator muammolar mavjudligini ko'rsatdi.

Davra suhbati ishtirokchilari shuni alohida ta'kidladilarki, bola huquqlari bo'yicha ixtisoslashgan ombudsman faoliyati bolaning shaxsiga hurmatni kuchaytirishga hamda har bir bolaning sha'ni va qadr-qimmati, erkinliklari va qonuniy huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

“Bolalar O'zbekistonning kelajagidir. Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularning salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun biz javobgarmiz. Ushbu qonunning qabul qilinishi esa mana shu muhim vazifani amalga oshirishga hissa qo'shadi”, - dedi Bola huquqlari bo'yicha vakil Aliya Yunusova.

"Bolalar ombudsmani to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasining asosiy maqsadi Bola huquqlari bo'yicha Ombudsman institutini tashkil etish va uning faoliyati bilan bog'liq jamoatchilik bilan aloqalarni tartibga solish, BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va O'zbekiston Respublikasida bolalar va yoshlar huquqlari to'g'risidagi boshqa xalqaro hujjatlarning qoidalarini amalga oshirishga ko'maklashishdan iborat.

Xorijiy tajribalar shuni ko'rsatadiki, Bola huquqlari bo'yicha ixtisoslashgan ombudsmanlar faoliyati bola manfaatlari yo'lida davlat boshqaruvini takomillashtirish, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning qoidalarini qonun hujjatlariga va huquqni qo'llash amaliyotiga joriy etish, bolaning shaxsiga hurmatni kuchaytirish, jamoatchilik ongi darajasini oshirish, davlat tuzilmalari tomonidan, ota-onalar va ularni o'rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolaning sha'ni va qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy hamda eng ustun manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Xalqaro davra suhbati davomida bolalar huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro institutlarning tajribasini o'rganish va Bola huquqlari bo'yicha vakilning O'zbekistondagi faoliyatini qo'llab-quvvatlash uchun huquqiy asoslarni yaratish yuzasidan fikrlar almashildi.