“Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi hamda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti mutaxassislari oʻzaro hamkorligidagi Innovatsiyaviy usulda tabiiy ipak tolalari qoʻshilgan himoyalangan qogʻozlarni tayyorlash boʻyicha izlanishlariga patent berildi.

Mazkur ixtiro tufayli himoya elementlari tarkibiga tabiiy ipak tolalari qoʻshilgan qimmatbaho qogʻozni boshqa turdagi qogʻozlardan ajratish imkoniyati paydo boʻladi.

Taʼkidlanishicha, qogʻoz tayyorlash jarayonida tabiiy ipak tolalar qogʻoz massasiga qoʻshiladi va soʻngra unga fluoressent eritmasi shimdiriladi.

Ultra binafsha nurlar bilan yoritilganda ipak oqsili kuchaytirilgan toʻq rangga kiradi va shu yoʻsinda qogʻoz qalbakilashtirishdan himoyalanadi. Bir xil qalinlikdagi tabiiy ipakning qogʻoz tarkibiga qoʻshilishi natijasida uning mustahkamligi bir necha baravar oshadi.

Qayd etish lozimki, mazkur ixtiro – ipak tolasi qoʻshilgan qogʻoz tayyorlash texnologiyasi dunyoda banknotlar, himoyalangan hujjatlar va qogʻozlar ishlab chiqarishda peshqadam hisoblangan xorijiy kompaniyalar mutaxassislarida katta qiziqish uygʻotdi.

Banknotlar, qimmatli qogʻozlar va boshqa hujjatlar uchun himoya xususiyatlari oshirilgan tabiiy ipak tolalari qoʻshilgan qogʻoz tayyorlash texnologiyasi dunyoda ilk bor Oʻzbekistonda ishlab chiqildi.