Oʻzbekistonda yetishtirilgan “Devzira” sholi urugʻlari Malayziyaga joʻnatiladi

    Malayziyalik seleksioner olimlar tomonidan yaratilgan shoʻrga va suvsizlikka chidamli, qora, uzun hamda aromatik sholi navlarini Oʻzbekistonda tajriba sifatida ekib koʻpaytirish uchun urugʻlar olib kelinadi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimi masʼullari, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hamda tuman rahbarlari va klasterlardan iborat delegatsiya Malayziyada xizmat safarida boʻldi.

    Tashrif davomida aqlli qishloq xoʻjaligi texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarish, sholichilik, baliqchilik, kauchuk yetishtirish, meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish kabi yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik ishlarini boshlashga kelishib olindi.

    Xususan, Meraque kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanidagi Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida aqlli qishloq xoʻjaligi texnikalari va dronlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish boʻyicha kelishuv imzolandi.

    Bundan tashqari, Malayziya Qishloq xoʻjaligi tadqiqotlarini rivojlantirish instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar markazi oʻrtasida imzolangan kelishuv asosida Malayziyalik seleksioner olimlar tomonidan yaratilgan shoʻrga va suvsizlikka chidamli, qora, uzun hamda aromatik sholi navlarini Oʻzbekistonda tajriba sifatida ekib koʻpaytirish uchun urugʻlar olib kelinadi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda yetishtirilgan “Devzira” sholi urugʻlari Malayziyaga joʻnatiladi.

    Malayziya Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Baliqchilik departamenti hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi hamkorligida Oʻzbekistonda Malayziyaning yangi texnologiyalari asosida intensiv baliqchilik, bioflok va krivetka yetishtirish loyihalari yoʻlga qoʻyiladi.

    Malayziya Qishloq xoʻjaligi marketing agentligi bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali Oʻzbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish yoʻlga qoʻyiladi.

    Bundan tashqari, Malayziyaning Jakim tashkiloti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonlik fermerlar va tadbirkorlar uchun Halol sertifikati olish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Mazkur tashabbuslar va investitsiya loyihalari yuzasidan Malayziyada oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Malayziya biznes forumi doirasida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov taqdimot bilan ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi ushbu hamkorlik loyihalari ikki davlat qishloq xoʻjaligi sohasining innovatsion rivojlanishiga va mahsulotlar eksportini kengaytirishga xizmat qiladi.