Tadbirda masʼullar oxirgi besh yilda mamlakatda narkotik jinoyatlar soni 5 barobarga oshgani, noqonuniy muomaladan olingan moddalar musodarasi esa 67 foizga koʻpaygani, sintetik vositalar musodarasi esa 80 foizgacha oʻsganini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, shu yilning 10 oyi davomida 12 848 ta narkotik jinoyati fosh etildi. Musodara qilingan moddalar umumiy vazni — 2 tonna 761 kg.ni tashkil qiladi.
Mutasaddilar ijtimoiy tarmoqlarda “narkodoʻkon”lar koʻpayganini, ayniqsa, Telegram orqali giyohvand moddalar savdosi keskin faollashganini aytib oʻtdi. Narkodilerlar maxsus yashirin kanallar, elektron toʻlovlar va soxta akkauntlar orqali ish yuritmoqda. Moddalarni ayollar kiyimi, kosmetika va maishiy buyumlar orqali yashirish holatlari ham ortgan.
Ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov aytishicha, soʻnggi yillarda 25 ming giyohvand, Alkogolga tobelar bilan birga 58 mingdan ortiq bemor davolangan.
Davlat bu yoʻnalish uchun 12 mlrd soʻm ajratgan, bir bemorni toʻliq davolash esa taxminan 60 mln soʻmga tushadi.
IIV rasmiysi Aziz Dolixoʻjayevga koʻra, ayniqsa yosh xotin-qizlar va bolalar orasida narkomaniya ortib borayotgani davlat rahbariyatini jiddiy tashvishga solmoqda. Shu bois psixotrop dorilarning aylanishi va dorixonalardagi nazorat yanada kuchaytiriladi.