Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan mamlakatimizda ichki turizmga ruxsat berilgani munosabati bilan sayohatlarni tashkil qilishda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda ichki turizmni qayta tiklash va faollashtirish choralari koʻrilmoqda.

Komissiya qarori bilan shaxsiy avtotransport vositalarining kun davomida toʻliq harakatlanishi, mahalliy avia va temir yoʻl qatnovi, ochiq havoda xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona), sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, hostellar, ijaraga beriladigan dala hovlilar va boshqa dam olish maskanlari, muzeylar faoliyatiga, respublikaning barcha hududlari oʻrtasida avtotransport vositalari qatnovini qayta tiklanishiga ruxsat berildi.

Bunga asosan hududlar kesimda mahalla, yoshlar va mehnat jamoalarining sayohatga chiqish grafik jadvali tasdiqlanib, turoperatorlar tomonidan sayohatlarni tashkil etilishi uchun kerakli tavsiyalar berib borilmoqda. Shuningdek, sayohatlarni tashkil etishda aholi orasida, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targʻibot ishlarini amalga oshirish hamda hududlarning turizm salohiyati haqidagi videoroliklarni namoyishlari tashkil etilmoqda.

Xususan, turoperatorlardan hamda “e-mehmon” dasturidan olingan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 24-avgustidan 14-sentyabr sanasiga qadar (20 kun ichida) jami 69 ming nafar fuqarolarning sayohatlari amalga oshirilib, shundan 13 ming nafardan ortigʻi turoperatorlar orqali, 56 ming nafari mustaqil ravishda mamlakatimizning Samarqand, Buxoro, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri boʻylab sayohat qilishdi.

Pandemiya taʼsirida koʻplab turoperatorlar oʻz faoliyatini ichki turizmga moslashtiridi, jumladan yuqorida uyushtirilgan sayohatlar 35 ta turperatorlar tomonidan tashkil etilgan boʻlib, shulardan 10 tasi ilgari xalqaro yoʻnalishda faoliyat olib borgan turoperatorlar hisoblanadi.

Shu oʻrinda, sayohatlarni amalga oshirish davomida xavfsizligingiz va salomatligingizni asrashingiz hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etishni unutmasligingizni eslatib oʻtamiz.