Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan elektrobus sinov tariqasida yoʻlga chiqdi

    Transport 19 Noyabr 2020 1371

    Bugun Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan elektrobus sinov tariqasida yoʻlga chiqdi.

    SamAuto 2021-2022-yillarda elektrobuslar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishni rejalashtirmoqda. Yoʻlovchilarning ushbu turdagi transportga talablarini aniqlash uchun kompaniya “Toshshahartransxizmat” AJga sinov elektrobusini taqdim etdi.

    Toshkent — 2020-yil 19-noyabr kuni SamAuto kompaniyasi 51-yoʻnalish (Yunusobod 6 kvartal – Beshyogʻoch maydoni) boʻyicha harakatlanadigan sinov elektrobusini “Toshshahartransxizmat” AJga taqdim etdi. Ekspluatatsiya jarayonida SamAuto mutaxassislari oʻz elektrobusini ishlab chiqishda hisobga olish maqsadida yoʻlovchilar va haydovchilarning fikrlarini, shuningdek mazkur modelning sifati va funksional vazifalarini oʻrganadi va ularning monitoringini olib boradi.

    “Ushbu elektrobus elektrotransport ishlab chiqarish boʻyicha jahon yetakchilaridan biri BYD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Bir martalik quvvatlantirish hisobiga 300 km masofani bosib oʻtadi, bu shahar avtobusining oʻrtacha bir kunlik masofa bosishiga mos keladi. Toʻliq quvvatlantirishni elektr tarmogʻiga yuklama kamroq boʻlgan paytda 3-4 soat ichida bajarish mumkin. Elektrobuslar xizmat koʻrsatish jihatidan sodda, shovqinsiz hamda gaz va dizel transportiga qaraganda kam harajat talab qiladi”, — dedi SamAuto bosh direktori oʻrinbosari, marketing va sotuvlar boʻlimi rahbari Ilhom Yarashev.

    Elektrobusning uzunligi 12 metrni, yoʻlovchilarni tashish hajmi — 76 kishini tashkil qiladi. Uning poli past: zinapoyalar va podiumning yoʻqligi tufayli yoʻlovchilar (shu jumladan pensionerlar, aravachalarda harakatlanuvchi yoʻlovchilar, alohida ehtiyojli kishilar) salon boʻyicha erkin harakatlana oladilar. Shuningdek, elektrobus videokuzatuv kamerasi va avtomatik havo namligini saqlash va isitish tizimi bilan jihozlangan.

    2030-yilgacha Atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston ijtimoiy transportining kamida 50 foizi zararli moddalarni havoga chiqarishni kamaytirish uchun muqobil yoqilgʻi turlariga oʻtishi kerak.

    Ertaga 20-noyabrdan boshlab yoʻlovchilar ushbu elektrobus xizmatidan foydalanishlari uchun “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan 51-sonli (“Yununsobod 6 mavze – Beshyogʻoch dahasi) yoʻnalishga chiqariladi.

    “Toshshahartransxizmat” AJ Axborot xizmati