Joriy yilning sentyabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikamizning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi. Tadqiqot davomida 490 ta oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xoʻjaliklari hamda 26,0 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.

2020-yilning yanvar-sentyabr oylarida mehnat resurslari soni 19 121,3 ming kishini tashkil etib, 2019-yilning shu davriga nisbatan 100,7 foizga yoki 135,5 ming kishiga oshgan.

Iqtisodiyot tarmoqlarida band boʻlganlar soni 13 205,2 ming kishini tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 
3,7 foizga (468,5 ming kishiga) oshgan.

2020-yilning yanvar-sentyabr oylarida rasmiy sektorda band aholi soni 5 673,8 ming kishini tashkil qilib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 1,7 foizga yoki 92,6 ming kishiga oshdi.

Norasmiy sektorda band boʻlganlar soni 5 618,8 ming kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 9,9 foiz yoki
504,2 ming kishiga ortgan. Bu asosan respublikadan tashqariga ishlash uchun chiqadigan mehnat migrantlarining ichki mehnat bozoriga qaytib kelishi hamda mavsumiy ishlar qishloq xoʻjaligida band boʻlganlarning ortishi evaziga yuzaga kelgan.

Respublikadan tashqariga ishga ketganlar soni 1 912,6 ming kishini tashkil etgan, bu joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan
128,3 ming kishiga yoki 6,3 foizga kamaygan.

Oʻtkazilgan tadqiqot natijalari koʻra, ishga muhtoj boʻlganlarning umumiy soni 1 642,5 ming kishini tashkil etdi. Ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 11,1 foizni tashkil etganligini koʻrsatdi.
16-30 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida ishsizlik darajasi - 17,1 foiz, ayollar oʻrtasida ishsizlik darajasi esa - 14,7 foiz boʻldi.

Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida respublikamizda iqtisodiy nofaol aholi 4 273,6 ming kishini tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 3 foizga yoki 130,3 ming kishiga kamaygan.

2020-yilning yanvar-sentyabr oylarida tuman(shahar) Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga murojaat qilgan 910 201 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatildi.

Murojaat qilgan fuqarolarning 243 946 nafari ish bilan taʼminlandi, 500 449 kishi jamoat ishlariga jalb qilindi, 25 384 nafar ishsizlar kasbga oʻqitildi, 45 036 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, 38 002 kishiga mehnat munosabatlari boʻyicha konsultatsiyalar berildi.

Shuningdek, Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan ajratiladigan subsidiyalar hisobiga 30 827 nafar oila shaxsiy tomorqalarda,
19 174 nafar fuqaro qishloq xoʻjaligi, tikuvchilik va hunarmandchilik kooperativlarida band qilindi, 7 383 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb etildi.