O'zbekistonda  ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etdi

    16-30 yoshgacha bo'lganlar orasida ishsizlik darajasi - 14,9 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa - 12,8 foiz bo'ldi.

    O'zbekistonda 2021- yilning yanvar`-sentyabr` oylarida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etib, o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga, yanvar`-iyun` oylariga nisbatan 0,4 foizga kamaydi.

    Joriy yilning sentyabr` oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikamizning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so'rov o'tkazildi. Tadqiqot davomida 500 ta o'zini-o'zi boshqarish organlari, 5,0 mingta uy xo'jaliklari hamda 26,5 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.

    2021- yilning yanvar`-sentyabr` oylarida mehnat resurslari soni 19 322,8 ming kishini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 201,4 ming kishiga oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo'lganlar soni 13 609,1 ming kishini tashkil etib, mos davriga nisbatan 3,1 foizga (403,9 ming kishiga) oshgan.

    2021- yilning yanvar`-sentyabr` oylarida rasmiy sektorda band aholi soni 6 124,3 ming kishini tashkil qilib, 2020 - yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo'lganlar soni 7,9 foizga yoki 450,5 ming kishiga oshgani kuzatildi. Norasmiy sektorda band bo'lganlar soni 5 943,9 ming kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar`-iyun` oylariga nisbatan 4,1 foiz yoki 254,0 ming kishiga kamaygan.

    O'tkazilgan tadqiqot natijalariga ko'ra ishga muhtoj bo'lganlarning umumiy soni 1 413,7 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,4 foizni tashkil etdi. 16-30 yoshgacha bo'lganlar orasida ishsizlik darajasi - 14,9 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa - 12,8 foiz bo'ldi.